Gruziyada O‘zbekiston elchixonasi ochiladi
Jamiyat
−
13:56 872 3 daqiqa
Bugun, 3 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze tor doirada va ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari uchrashuv avvalida O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga yigirma yildan ortiq davrda birinchi marta amalga oshirilayotgan ushbu davlat tashrifi O‘zbekiston – Gruziya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Barcha darajalardagi muloqotlar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Tomonlar hukumatlar, parlamentlar, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi faol aloqalarni hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligini ta’kidlagan.

O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarni tashkil etgan, joriy yil boshidan buyon esa 100 million dollardan oshgan. Yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish, savdodagi nomutanosiblikni bartaraf etish, sanoat ko‘rgazmalarini o‘zaro o‘tkazish orqali ikki mamlakat o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olingan.
Transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ushbu muhim yo‘nalish salohiyatidan to‘laqonli foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilingan.

O‘zbekiston yuklarini tashishda Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan faol foydalanish choralariga alohida e’tibor qaratilgan. Gruziyada logistika xabini, unda esa sanoat zonasi va O‘zbekiston mahsulotlari uchun shourum tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlangan.
O‘zbekiston rahbari “Baku – Tbilisi – Kars” temir yo‘lining ishga tushirilganini olqishlagan. Uni barpo etilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash masalasini o‘rganish taklif etilgan.
Sanoat kooperatsiyasi hamkorlikning alohida ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan. Kuni kecha o‘tkazilgan qo‘shma biznes forumi natijalariga yuksak baho berilgan. Uning yakunlari bo‘yicha 2027 yilgacha mo‘ljallangan Kooperatsiya dasturi imzolangan.

Qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va energetika tarmoqlari, farmatsevtika, oziq-ovqat va yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va development, raqamlashtirish, axborot texnologiyalari, raqamli bank hamda turizm sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Loyihaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish taklif qilingan.
Madaniy-gumanitar aloqalar faol kengaymoqda. Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Prezidenti Gruziya tomoniga Tbilisidagi bog‘lardan biriga buyuk shoir Alisher Navoiy nomini berishga qaror qilgani uchun minnatdorlik bildirgan.
Joriy yilda O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim va turizm forumlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Gruziyadagi elchixonasini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma “yo‘l xaritasi” tayyorlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ayni paytda davlat tashrifi bilan Gruziyada bo‘lib turibdi. Kecha, 2 iyul kuni Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining muzokaralari bo‘lib o‘tgandi. Shuningdek, Tbilisi shahridagi tadbirlar doirasida Shavkat Mirziyoyevni Gruziyaning oliy davlat mukofoti – “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi