Gretsiya Jahon urushlaridagi zararni qoplash uchun Germaniyadan 376 mlrd yevro talab qilmoqda
Olam
−
02 noyabr
3342Gretsiya Birinchi va Ikkinchi jahon urushi davridagi harbiy jinoyatlar uchun Germaniyadan 376 milliard yevro miqdoridagi tovon puli talab qilmoqda. Bu haqda Gretsiya Prezidenti Katerina Sakellaropulu Afina shahrida Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Reparatsiya (davlatning boshqa bir davlat yoki xalqqa yetkazgan zarari uchun tovon to‘lashi yoki kompensatsiya to‘lovi) – grek davlati uchun muhim masala bo‘lib, u hali hal etilmagan. O‘tgan davrning muammolari va ochiq jarohatlarini muhokama qilish muhim”, dedi Sakellaropulu.
Shtaynmayerning tashrifi bilan bir vaqtda grek OAVlarida Germaniya Prezidentini ayblovchi bir qator maqolalar e’lon qilingan. Xususan, “Nega, janob Shtaynmayer?”, “Faqatgina kechirim yetarli emas, janob Shtaynmayer. Nemis davlati rahbari tovon to‘lovi mavzusiga murojaat qiladimi?” sarlavhali maqolalar shular jumlasidan.
Bildirilishicha, Shtaynmayer greklar uchun dolzarb bo‘lgan bu mavzuga e’tibor qaratgan va Sakellaropuluning so‘zlariga javob qaytargan. Germaniya Prezidenti rasmiy Berlin reparatsiyalar to‘lovi masalasini rasman yopiq deb hisoblashini, shu jumladan bu xalqaro huquq nuqtai nazaridan ham to‘g‘ri ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Gretsiya parlamenti Germaniyaga nisbatan bir qator moliyaviy da’volar keltirilmoqda. Xususan, 171,4 milliard yevro talab urush davrida Gretsiya infratuzilmasiga yetkazilgan zarar bilan bog‘liq. 10,3 milliard yevro esa Germaniya tomonidan Gretsiya banki seyflaridan olingan oltin va pul ko‘rinishidagi majburiy okkupatsion qarzni qoplash uchun, 33,8 milliard yevro 1940 yildan 1944 yilgacha davlat resurslari – neft va boshqa xomashyo, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yo‘qotilishi, 53,8 milliard yevro esa okkupatsiya davridagi ishlab chiqarish yo‘qotishlari bilan bog‘liq zararlarni qoplash uchun talab qilinmoqda. Shuningdek, hisobotda davlat talablariga qo‘shimcha ravishda ilk bor individual da’volar ham tilga olinadi.
2015 yilda ham Gretsiya Moliya vazirligi Germaniya Gretsiyaga taxminan 300 milliard yevro miqdorida urush reparatsiyalarini to‘lashi kerakligini hisoblab chiqqan. Germaniya rasmiylari bu masalani muhokama qilishdan bosh tortib, “huquqiy jihatdan hal qilingan” deya bayonot bergan. Gretsiya esa bunga qo‘shilmayapti va ushbu masalani xalqaro sudlarda hal qilinishi mumkin deb hisoblamoqda.
LiveBarchasi