Grenlandiya mojarosi. YeI AQSHga javoban boj joriy qilmoqchi
Olam
−
19 yanvar 1714 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Prezident Donald Trampning Grenlandiyani qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlarga nisbatan bojlar joriy etish tahdidlari tufayli AQSHdan 93 milliard yevro (108 milliard dollar) miqdoridagi tovarlarga bojlar yoki Amerika kompaniyalari uchun bir qator cheklovlar joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
“Yevropa poytaxtlari Donald Trampning Grenlandiyani sotib olish kampaniyasiga qarshi chiqayotgan NATO ittifoqchilariga tahdidlariga javoban AQSHga 93 milliard yevrolik tovarlarga bojlar joriy etish yoki Amerika kompaniyalarining ittifoq bozoriga kirishini cheklash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda”, deb yozadi gazeta.
Vaziyatdan xabardor amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi kelasi hafta Davosda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro iqtisodiy forum doirasida Yevropa yetakchilari va Tramp o‘rtasidagi uchrashuvda ittifoq yetakchilariga ustunlik berish uchun javob choralarini ko‘rishni rejalashtirmoqda.
Qayd etilishicha, ehtimoliy bojlar ro‘yxati 2025 yilda tayyorlangan, biroq savdo urushini boshlashni istamay, uni ko‘rib chiqish joriy yilning fevraliga qoldirilgan. Kecha, 18 yanvar kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yevropa Ittifoqining doimiy vakillari aynan shu ro‘yxatni muhokama qilgan. Shuningdek, ular Amerika kompaniyalarining Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishini cheklashi mumkin bo‘lgan “majburlashga qarshi vosita”dan foydalanishni ko‘rib chiqqan.
Suhbatdoshlardan birining gazetaga aytishicha, Yevropa Ittifoqining ko‘plab a’zolari majburlashga qarshi vositani faollashtirishni qo‘llab-quvvatlagan, biroq ko‘pchilik baribir Tramp bilan muloqot tarafdori bo‘lgan.
Xabarda aytilishicha, Yevropa rasmiylari javob bojlari tahdidlari Trampga Amerikaning ikkala partiyasi tomonidan bosimning kuchayishiga olib kelishiga va natijada u Yevropa davlatlariga nisbatan choralar ko‘rish g‘oyasidan voz kechishiga umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida fevral oyidan boshlab Grenlandiyaning tegishliligi masalasida Daniyani qo‘llab-quvvatlovchi bir qator Yevropa davlatlariga nisbatan bojlar joriy etishini yozgan edi.
“2026 yil 1 fevraldan boshlab bu mamlakatlarning barchasi – Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiya AQSHga yuboriladigan barcha tovarlar uchun 10 foizlik boj to‘laydi”, dedi Tramp.
Live
Barchasi