Giyohvand moddalar tufayli Maskning sog‘lig‘ida muammo paydo bo‘ldi – NYT
Olam
−
31 may 12424 2 daqiqa
Amerikalik tadbirkor Ilon Mask AQSH Prezidenti Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi davrida giyohvand moddalarni faol iste’mol qilgani sababli sog‘lig‘ida muammolar yuzaga kela boshladi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.
“U ekstazi va psixodelik qo‘ziqorinlarni qabul qilgan. U doimo o‘z yonida taxminan 20 dona tabletka joylashgan kundalik dorilar qutisini olib yurgan, ular orasida “Adderall” deb belgilangan stimulyator tabletkalar (insonning markaziy nerv tizimi faoliyatini kuchaytiruvchi dorilar) ham bor edi”, deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, Mask atrofidagilarga ketaminni me’yordan ortiq qabul qilgani sababli peshob chiqarish tizimida muammolar paydo bo‘lganidan shikoyat qilgan.
“Tibbiy foydalanish bilan dam olish maqsadida iste’mol qilish o‘rtasidagi chegara yo‘qolgan edi, bu esa unga yaqin bo‘lgan ayrim insonlarni jiddiy xavotirga solgan”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, Mask jurnalistlarning unda narkotik moddalarga qaramlik bor-yo‘qligi haqidagi savoliga javob berishdan bosh tortgan. Uning advokati ham bu holat yuzasidan izoh berishni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask vakolat muddati tugashi munosabati bilan hukumatdagi lavozimidan iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi. U Trampning “do‘sti va maslahatchisi” bo‘lib qolishini ta’kidlagan. Keyin esa Donald Tramp milliarder Ilon Maskka Oq uyning oltin kalitini sovg‘a qildi. Tramp milliarderga ushbu sovg‘ani maxsus davlat xodimi sifatidagi faoliyati uchun taqdim etgan.
Live
Barchasi