Gigantlar ortidan Gruziya ham Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketadi

Olam

image

Gruziya rasmiylari o‘z qo‘shinlarini shu yilning sentyabriga qadar Afg‘onistondan olib chiqmoqchi. Bu haqda “Anadolu” xabar bermoqda.

“NATO Afg‘onistondagi missiyasini shu yilning sentyabrigacha tugatishga qaror qildi. Shunga ko‘ra, NATO bilan kelishilgan jadvalga asosan, Gruziya bo‘linmalari ham Afg‘onistonni tark etadi”, deydi Gruziya Bosh vaziri Irakli Garibashvili.

Shu bilan birga, hukumat rahbari Gruziyaning NATOga qo‘shilish jarayoni davom etayotganini ta’kidladi.

Garibashvili NATOning sherigi sifatida Gruziya 2004 yilda Afg‘onistondagi qat’iyatli qo‘llab-quvvatlash missiyasiga qo‘shilganini esladi.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Afg‘onistonda 860 nafar Gruziya harbiy xizmatchisi missiya doirasida xizmat qilmoqda.

Hukumat rahbari, shuningdek, uzoq yillar davomida global terrorizmga qarshi kurashib kelayotgan Gruziya harbiy xizmatchilariga minnatdorlik bildirgan.

“Gruziya uchun xalqaro hamjamiyat a’zosi sifatida Afg‘oniston hech qachon terrorchilar makoniga aylanmasligi juda muhimdir. Biz ushbu topshiriqni bajarishda o‘z hissamizni qo‘shganimizdan faxrlanamiz”, deydi Garibashvili.

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili ham NATO a’zolari bilan birga Afg‘onistonda Gruziya harbiy xizmatchilari xizmat qilganidan faxrlanishini bildirdi.

“Gruziya va Afg‘onistondagi NATO ittifoqchilari ta’minlashga harakat qilgan tinch va xavfsiz muhit kelajakda ham davom etishi muhimdir”, deydi Zurabishvili.

Avvalroq, Jo Bayden 11 sentyabrgacha Afg‘onistondagi barcha AQSH askarlarini mamlakatdan chiqarish niyatida ekanini aytgandi. Harbiylarni chiqarish ishlari may oyidan boshlanishi kerak.

OAVda AQSH ortidan uning ittifoqchisi Buyuk Britaniya ham Afg‘onistondagi harbiy kontingentini ortga qaytarishini haqida ma’lumotlar tarqaldi.

O‘z navbatida “Tolibon” harakati Xalqaro kuchlar Afg‘onistonni tark etmaguniga qadar hech qanday tinchlik muzokaralarida ishtirok etmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

102

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing