Gershkovichni hibsga olishni shaxsan Putin ma’qullagan
Olam
−
13 aprel 2023
12902Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Amerikaning “The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovichning hibsga olinishini shaxsan ma’qullagan. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, “Bloomberg” ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, Gershkovichni hibsga olish tashabbusi Rossiya maxsus xizmatlarining yuqori martabali amaldorlaridan chiqqan. Biroq yakuniy qaror Prezident tomonidan qabul qilingan, chunki maxsus xizmatlar bevosita unga bo‘ysunadi.
Qayd etilishicha, bu qaror Kremlda AQSH bilan qarama-qarshilikni chuqurlashtirishni talab qilayotgan odamlarning ta’siri kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
O‘z navbatida, Vashingtondagi Yevropa siyosatini tahlil qilish markazi rahbari Alina Polyakova bo‘lib o‘tgan voqea nafaqat AQSH, balki butun G‘arb uchun “ogohlantiruvchi signal” bo‘lishi kerakligini aytgan.
“Bu nafaqat AQSH, balki butun G‘arb uchun ham haqiqiy signal bo‘lishi kerak. Bu Putinning fikricha, barqaror va ishonchli munosabatlarga qaytishning iloji yo‘qligidan dalolat beradi. Ruslar yanada tajovuzkor bo‘lib bormoqda va ular ko‘rishdiki, agar AQSHning yuqori darajadagi fuqarolarini garovga olsa, xohlagan narsasiga erishadi”, deydi Polyakova.
Aytilishicha, Rossiya rasmiylari Evan Gershkovichni biznesmen Vladislav Klyushinga almashtirishga urinishi mumkin. Chunki Rossiya oldinroq ham Klyushinni mahbuslar almashinuviga qo‘shishni talab qilgan. Klyushin AQSHda bir kompaniyaning kompyuter tarmoqlariga buzib kirish va o‘n millionlab dollarlik savdolar haqida ma’lumot to‘plashda ayblangan.
Eslatib o‘tamiz, “The Wall Street Journal” muhbiri Evan Gershkovich mart oyi oxirida Yekaterinburgda josuslik ishi bo‘yicha hibsga olingan edi. Aprel oyida esa AQSH Davlat departamenti Gershkovichni “nohaq hibsga olingan” deb e’lon qildi, bu uni almashish bo‘yicha muzokaralarga yo‘l ochadi.
LiveBarchasi