Germaniyada Ikkinchi jahon urushidagi bombalar topildi
Olam
−
04 iyun 4444 3 daqiqa
Germaniyaning Kyoln shahridan Ikkinchi jahon urushi davridan qolgan uchta bomba topildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shaharda ushbu bombalarni zararsizlantirish bo‘yicha operatsiya boshlangan. Bu operatsiya urush tugaganidan beri o‘tkazilgan eng yirik choralardan biri hisoblanadi. Ishlarni amalga oshirish uchun qariyb 20 ming kishi evakuatsiya qilingan.
Bildirilishicha, yo‘llar, bugun, 4 iyun kuni ertalabdan yopilgan. Bombalarni zararsizlantirish esa kun davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Zararsizlantirish ishlari Reyn daryosining uchta ko‘prigi va muhim transport yo‘llariga, jumladan Kyoln markaziy vokzali bilan janubiy temiryo‘l aloqalariga ta’sir qilgan. Evakuatsiya zonasi ichiga Reyn daryosining o‘zi, Kyoln tarixiy markazi, bir nechta maktab va bog‘chalar, korxonalar va madaniy muassasalar kiritilgan.
“Ushbu evakuatsiya Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda o‘tkazilgan eng yirik chora hisoblanadi. Barcha ishtirokchilar bombalarni zararsizlantirish bugunning o‘zida yakunlanishiga umid qilmoqda. Operatsiyaning qancha davom etishi hozircha noma’lum. Evakuatsiya hududini dastlabki tekshirishning o‘zi bir necha soat davom etishi mumkin, chunki bu ish ko‘plab noaniqliklar bilan bog‘liq”, deyiladi shahar hokimiyatining bayonotida.
Hududdagi hokimiyat vakillari evakuatsiya zonasidagi barcha xonadonlar bo‘shatilganiga ishonch hosil qilgan, ammo bombalarni zararsizlantirish ishlari qancha vaqt olishi noma’lumligicha qolmoqda.
“Barchasi evakuatsiyaning qay darajada muvaffaqiyatli kechishiga bog‘liq – aholi ko‘rsatmalarga amal qiladimi, evakuatsiya zonasini to‘liq tark etadimi? Bu borada to‘liq ishonch hosil qilingandan keyin xodimlarimiz ishga kirishadi”, deyiladi bombani zararsizlantirish guruh vakillaridan biri.
U shuningdek, har yili Shimoliy Reyn hududida Ikkinchi jahon urushi davridan qolgan 1500 dan 2000 tagacha bomba topilishi, ulardan taxminan 200 tasi yirik kalibrli bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.
Kyoln shahridagi Jamoat tartibi boshqarmasi rahbari Ralf Meyer esa shunday evakuatsiya hududiga shifoxonalar ham kirganini aytgan.
“Kyoln markazi Yevropadagi eng zich aholi yashaydigan shaharlardan biri. Evakuatsiya hududiga shifoxona, ikkita qariyalar uyi va parvarishlash muassasalari, ko‘plab muzeylar va RTL telekompaniyasi ham kiradi”, degan u.
Xabarga ko‘ra, bombalarni zararsizlantirish operatsiyasi boshlanishi bilan Gogensollernbryukke ko‘prigi to‘liq yopiladi. Bu paytdan boshlab Doys tumanidan Kyoln markaziy vokzaliga temiryo‘l qatnovi to‘xtatiladi. Reyn daryosidagi kema harakati ham vaqtincha to‘xtatiladi. Operatsiya vaqtida ushbu hudud ustidagi havo makoni ham qisqa muddatga yopiladi.
Ma’lumot uchun, ikki dona 2 ming kilogrammli bomba va bitta ming kilogrammli bomba 2 iyun kuni hududda olib borilayotgan qurilish ishlari paytida topilgan. Ularning barchasi AQSHda ishlab chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 aprel kuni ham Germaniyaning Kyoln shahrida Ikkinchi jahon urushidan qolgan bomba topilgandi. Bombani quruvchilar ish olib borayotgan paytda topib olgan. Xavfli topilma jamoat transporti va ayrim muassasalar ishini to‘xtatib qo‘ygan.
Live
Barchasi