Germaniyalik futbolchi jamoadoshini o‘ldirganlikda gumonlanmoqda
Sport
−
19:04 602 2 daqiqa
Germaniyaning “Rokkenberg” klubida o‘ynagan 35 yoshli Marius Vets jamoadoshi Filipp Leybigni zaharlab o‘ldirganlikda gumonlanib, hibsga olindi. Bu haqda “The Sun” nashri xabar berdi.
Hodisa 2025 yil iyun oyida “Rokkenberg” jamoasining Drezdenga safari vaqtida sodir bo‘lgan. 30 yoshli Filipp Leybig safar davomida o‘zini yomon his qilgan va uyga qaytgach, uning ahvoli keskin yomonlashgan. U 2025 yil 16 iyun kuni shifoxonada vafot etgan. Keyinchalik futbolchining o‘limi zaharlanish oqibatida yuzaga kelgan sepsis va ko‘p a’zolar yetishmovchiligi bilan bog‘liq ekani aniqlangan.
Dastlab tergovchilar futbolchining jamoa safari vaqtida iste’mol qilgan baliqdan zaharlangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Biroq keyinchalik gumonlar Marius Vetsga nisbatan kuchaygan. U joriy yilning 1 sentyabr kuni, to‘yiga ikki hafta qolganida hibsga olingan.
Bosh prokuror Tomas Xaubergerning bildirishicha, tergovchilar jinoyat motivi qasos bo‘lgan deb hisoblamoqda. Ayrim Germaniya ommaviy axborot vositalarida ikki futbolchi o‘rtasida bir ayol tufayli avvaldan nizo bo‘lgani haqida ma’lumotlar tarqalgan, ammo bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Gumonlanuvchi hozircha hibsda qolmoqda va unga qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan izoh bermagan. Tergov davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, “Rokkenberg” – Germaniyaning Gessen federal shtatida joylashgan Rokkenberg kommunasining tarixiy havaskor sport va futbol klubi. 1912 yilda universal sport jamiyati sifatida tashkil etilgan ushbu klubning futbol bo‘limi 1922 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. An’anaviy yashil-oq ranglarni himoya qiluvchi “Rokkenberg” jamoasi Germaniya futbol ligalari tizimining havaskorlar darajasidagi “Kreisliga A (Friedberg)” musobaqasida ishtirok etadi va o‘z uy o‘yinlarini mahalliy sport maydonida o‘tkazadi.
Live
Barchasi