Germaniyada futbol o‘yinida katta janjal sodir bo‘ldi (video)
Sport
−
26 yanvar 3993 2 daqiqa
Kecha, 25 yanvar kuni Bundesliga 2 19-tur doirasidagi “Magdeburg” va “Dinamo Drezden” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan futbol uchrashuvi davomida muxlislar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketdi. Bu haqda DW xabar berdi.
Mahalliy Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi bo‘lim oxirida “Magdeburg” muxlislari Dinamo muxlislari egallab turgan sektorga o‘tishga harakat qilgan. Politsiya buni to‘sib, tartibni saqlashga urinishi ortidan to‘qnashuvlar boshlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, politsiyaga pirotexnika vositalari, metall to‘siqlar, toshlar, shuningdek yo‘lak plitalari bilan hujum qilingan. Oqibatda kamida 64 nafar politsiya xodimi jarohat olgan, ularning ba’zilari jiddiy ahvolda. Shulardan 17 nafari og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, ikkala jamoa muxlislari tomonidan bir necha marta pirotexnika vositalari ishga tushirilishi oqibatida o‘yin vaqtincha to‘xtatilgan. Stadiondagi to‘qnashuvlardan tashqari Magdeburg shahrida talonchilik va mulkka zarar yetkazish kabi boshqa huquqbuzarliklar ham qayd etilgan.
Politsiya boshlig‘i Tamara Zieschang muxlislarning tartibsizliklarini “eng qat’iy so‘zlar bilan” qoralagan va maxsus ishchi guruh tomonidan tergov boshlanganini ma’lum qilgan.
Stadionga taxminan 28 000 kishi tashrif buyurgan. O‘yinni yuzlab politsiya xodimlari, jumladan, boshqa federal shtatlar va Germaniya Federal politsiyasidan kelgan mutaxassislar nazorat qilgan. Uchrashuv yakunda 2:1 hisobida “Dinamo Drezden” foydasiga yakunlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Independente Medelin” va “Atletiko Nasonal” jamoalari o‘rtasidagi Kolumbiya kubogi finalida muxlislar o‘rtasidagi to‘qnashuvda yuzaga kelishi oqibatida 59 kishi jarohat olgan edi.