Germaniyada fuqarolik berish tartibi soddalashtirilmoqda
Olam
−
26 avgust 2023
6419Germaniya hukumati mamlakatda yashovchi xorijliklarga fuqarolik berish tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 23 avgust kuni ma’qullangan hujjatga ko‘ra, Germaniya pasportini mamlakatda 5 yil yashagan holda (amaldagi qonunda 8 yil) olish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, unda fuqarolik “maxsus integratsiya yutuqlari”ni namoyish etganlarga 3 yilda ham berilishi nazarda tutilgan (hozir 6 yil). Ya’ni nemis tilini yaxshi bilgan, volontyorlik ishlarida faol ishtirok etgan yoki yuqori professional sifatlarga ega bo‘lganlar “maxsus integratsiya yutuqlari”dan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, avval boshqa fuqarolikni saqlab qolishga faqat istisno hollarida ruxsat berilgan bo‘lsa, endilikda da’vogarlar boshqa pasportlaridan voz kechishi talab etilmaydi.
Biroq irqchilik yoki antisemitizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlar Germaniya fuqaroligini ololmaydi. Qonunda, shuningdek, Germaniya fuqaroligiga da’vogarlar o‘zlari va oila a’zolarini mustaqil ravishda ta’minlashi va davlat ijtimoiy nafaqalariga muhtoj bo‘lmasligi kerakligi belgilab qo‘yilgan.
“Biz allaqachon jamiyatimizning bir qismi bo‘lgan insonlar ham mamlakatimizni demokratik yo‘l bilan shakllantirishda ishtirok etishlarini istaymiz. Chunki bizning demokratiyamiz barcha ishtirok etayotgani uchun gullab-yashnamoqda. Demokratiya uni himoya qiladigan va yanada kuchaytiradigan odamlarga muhtoj”, deya islohotlarga izoh bergan Germaniya Ichki ishlar vaziri Nensi Fezer.
LiveBarchasi