Germaniyada barcha poyezdlar harakati to‘xtatildi

Olam

image

Germaniyaning temir yo‘l operatori “Deutsche Bahn” 24 iyun kuni kechqurun mamlakat bo‘ylab poyezdlar harakati to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bunga raqamli temir yo‘l radioaloqa tizimi GSM-R da yuz bergan nosozlik sabab bo‘lgan.

“Deutsche Bahn” mahalliy vaqt bilan soat 22:00 atrofida poyezdlar harakatini to‘xtatgan. Poyezdlar stansiyalarda ushlab turilgan yoki eng yaqin bekatgacha yuborilgan. Oqibatda poyezd brigadalari dispetcherlar bilan shtatdagi radioaloqa o‘rniga mobil telefonlar orqali bog‘lanishga majbur bo‘lgan.

To‘xtatish faqat shaharlararo va mintaqaviy poyezdlarga emas, balki “Deutsche Bahn” tasarrufidagi shahar ichi transport tizimlariga ham ta’sir qilgan. Jumladan, Berlin va Myunxendagi S-Bahn elektrichkalari harakati ham izdan chiqqan.

GSM-R (Global System for Mobile Communications Railway) – temir yo‘l sohasi uchun maxsus ajratilgan mobil aloqa tarmog‘i bo‘lib, mashinist va dispetcher o‘rtasidagi muloqotni ta’minlaydi. U Germaniyada 1992 yildan beri qo‘llanib kelinadi va avvalgi sakkizta mos kelmaydigan analog aloqa tizimining o‘rnini bosgan.

Xavfsizlik talablariga ko‘ra, aloqa bo‘lmagan holda temir yo‘l harakati taqiqlanadi. Chunki mashinistlar va dispetcherlar istalgan vaqtda bog‘lanish imkoniyatiga ega bo‘lishi shart va oddiy telefon qo‘ng‘iroqlari radioaloqaning o‘rnini bosa olmaydi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, zaxira tizimi ham ishdan chiqqan. Asosiy va zaxira konturlarining bir vaqtda nosozlikka uchrashi muammo tarmoqning markaziy infratuzilmasi, elektr ta’minoti, aloqa liniyasi yoki dasturiy ta’minot bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. “Deutsche Bahn” hozircha nosozlikning rasmiy sababini ochiqlamagan.

Kompaniya bosh direktori Evelin Pallaning “Bild” nashriga ma’lum qilishicha, xodimlar avval poyezdlarni eng yaqin stansiyalarga yetkazish va yo‘lovchilarni tushirishga harakat qilgan. Yo‘lovchilarga esa shu kun uchun safarlardan voz kechish yoki muqobil transport turlaridan foydalanish tavsiya etilgan.

Poyezdlar harakati to‘xtatilganidan ikki yarim soat o‘tib, Berlindagi S-Bahn rasmiy sahifasi muammo bartaraf etilgani va elektrichkalar harakati tiklanganini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay “Deutsche Bahn” ham nosozlik bartaraf etilganini tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyun kuni Germaniyaning Myunxen shahrida ikki yuk poyezdi to‘qnashib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing