Germaniyada avtomobil olomon ustiga bostirib bordi. Qurbonlar bor
Olam
−
13:27 1530 2 daqiqa
Kecha, 4 may kuni Germaniyaning Leypsig shahrida avtomobil odamlar to‘plangan joyga bostirib borishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi va yana ko‘plab odamlar jarohat oldi. Bu haqda mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga tayanib, BBC xabar berdi.
Hodisa kecha, 4 may kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan. Leypsig shahar hokimi Burkxard Jung ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi sifatida 33 yoshli Germaniya fuqarosi qo‘lga olingan. Hozircha uning harakati ortidagi sabab noma’lum.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil shahar markazidagi Grimma ko‘chasi hududida to‘planib turgan bir nechta odamni urib ketgan va shundan so‘ng harakatni davom ettirgan. Jami 22 kishi jarohat olgan, ulardan uch nafari og‘ir ahvolda. Saksoniya yerlari rahbari Mishel Kretmer gumonlanuvchi avval ruhiy kasallikdan aziyat chekkanini bildirgan.
“Biz hozir ikki nafar halok bo‘lgan inson uchun motam qilmoqdamiz, yana uch nafar og‘ir jarohat olgan va ko‘plab jabrlanganlar bor. Buni so‘z bilan ifodalash juda qiyin”, deydi shahar hokimi Burkxard Jung.
Prokuratura halok bo‘lganlar 63 yoshli ayol va 77 yoshli erkak ekanini ma’lum qilgan. Ular Germaniya fuqarolari bo‘lgan. Hozircha hodisada diniy yoki siyosiy motivlar borligi tasdiqlanmagan. Guvohlarning aytishicha, avtomobil yuqori tezlikda harakatlangan. Ayrimlar qattiq zarba ovozini eshitganini bildirgan. Voqea vaqtida ayrim odamlar yaqindagi do‘konlarga qochib kirgan.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi yillarda Germaniyada avtomobil orqali amalga oshirilgan hujumlar bir necha bor kuzatilmoqda. 2024 yil dekabrida Magdeburg shahridagi Rojdestvo yarmarkasidagi hujumda kamida olti kishi halok bo‘lgan va 300 dan ortiq odam jarohatlangan. 2025 yil fevral oyida esa Myunxen shahrida avtomobil odamlar orasiga kirib ketishi oqibatida kamida 30 kishi jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada maktabga hujum qilib, 9 kishini o‘ldirgan ruhiy xasta ayol hibsga olingandi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi