Germaniya o‘z zaxirasidan Ukrainaga Patriot raketalarini beradi

Olam

image

Germaniya o‘z zaxirasidagi Amerika ishlab chiqargan Patriot havo mudofaa tizimlari uchun mo‘ljallangan PAC-2 zenit raketalarining bir qismini Ukrainaga yetkazib beradi. Bu haqda Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlar mudofaa vazirlarining videokonferensiyasida ma’lum qildi.

“Men Bundesver zaxirasidan Ukrainaga zudlik bilan zarur bo‘lgan PAC-2 raketalarini berishga qaror qildim”, degan Pistorius.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Ukrainaga havo-havo raketalari yetkazib berishni ham ko‘paytiradi. Shuningdek, Kiyevga dronlar va uzoq masofaga mo‘ljallangan o‘q-dorilar yetkazib berish davom ettiriladi.

Ukraina Mudofaa vaziri Yevgeniy Xmara ushbu yig‘ilishda Kiyev Patriot havo mudofaa tizimlari uchun qariyb mingta raketa yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzayotganini ma’lum qilgan. Biroq raketalarning aksariyati yaqin yillarda yetkazilishi kutilmoqda. Shu sababli Ukraina hamkor davlatlardan o‘z zaxiralaridagi raketalarni berishni so‘ramoqda.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga Patriot tizimlari uchun zarur bo‘lgan muhim komponentlarni xarid qilish imkonini beruvchi istisnoni ma’qulladi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenning aytishicha, buning uchun Ukrainaga 3,2 mlrd yevro miqdoridagi navbatdagi transh ajratiladi.

“Keyingi 3,2 mlrd yevrolik transh Ukrainaga Rossiyaning nishonga ajratilmagan hujumlaridan o‘z osmonini yanada samarali himoya qilish imkonini beradi”, degan u.

Ma’lumot uchun, PAC-2 – Patriot havo mudofaa tizimi uchun mo‘ljallangan zenit raketasi bo‘lib, asosan samolyotlar va ballistik raketalarni tutib qolish uchun qo‘llanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya va Fransiya Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirishini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing