Germaniya Ukrainaga qishki yordam uchun 100 million yevro ajratadi
Olam
−
17 Sentabr
2369Germaniya yaqinlashib kelayotgan qish mavsumi uchun Ukrainaga 100 million yevro qo‘shimcha yordam beradi. Bu haqda Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bugun, 17 sentyabr kuni Kishinyovga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.
Berbok Rossiyani “Ukrainadagi odamlarning hayotini iloji boricha dahshatli qilish maqsadida” navbatdagi qishki urushni rejalashtirayotganlikda aybladi. Shu bilan birga, u 2022 yil fevral oyida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan so‘ng darhol Rossiya Moldovani yo‘q qilishga uringanini ta’kidladi.
“Ammo Kishinyov rasmiylari dezinformatsiya va kiberhujumlar oqimini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lishdi va yevropalik hamkorlar Moldova uchun Yevropa Ittifoqi yo‘nalishidagi yo‘lni belgilab berishdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatni tartibsizlikka solib qo‘yishga urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlandi va Moldova Yevropa Ittifoqiga yaqinlashdi”, deydi u.
Shu bilan birga, Berbok Moldova uchun eng katta tahdid Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi bo‘lib qolishi va agar Rossiya bu mamlakatda harbiy muvaffaqiyatga erishsa, Moldova navbatdagi nishonga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.
“Shuning uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlash Moldovani qo‘llab-quvvatlashdir”, deya qo‘shimcha qildi u.
“Moldovani qo‘llab-quvvatlash platformasi” Germaniya tashabbusi bilan 2022 yil aprel oyida Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bosqinidan keyin yaratilgan. Unga Fransiya va Ruminiya ham kiradi. Bugun, 17 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan muzokaralar mavzulari Moldovaning iqtisodiy rivojlanishi va energiya ta’minoti, shuningdek, ushbu davlat tomonidan amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar bo‘ladi.
LiveBarchasi