Germaniya kechagi taloto‘pda Afg‘onistondagi diplomatlarini olib ketganini ma’lum qildi
Olam
−
16 avgust 2021
8174Kecha, 15 avgust kuni Germaniya Qobuldagi elchixonasining 40 nafar xodimini Qatar poytaxti Dohaga evakuatsiya qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Kecha elchixonamizning 40 nafar xodimi Afg‘onistonni tark etishga muvaffaq bo‘ldi. Ular Dohaga olib ketildi. Elchixonaning tezkor markaziy guruhi esa Qobul aeroportida ishlamoqda”, deydi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Kristofer Burger.
Shuningdek, Burger xavfsizlik nuqtai nazaridan Afg‘onistonda qolgan nemis diplomatlarining aniq sonini aytmagan, ammo aeroportdagi ishchi guruh 10 kishidan oshmasligini va mamlakatda Germaniya fuqarolari ham kamchilikni tashkil qilishini ta’kidlagan.
Xabar berilishicha, bugun kechqurun Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas hukumatning inqiroz shtabini chaqiradi. Ushbu shtab tezkor evakuatsiya harakatlarini muvofiqlashtiradi.
Germaniya Mudofaa vazirligi vakilining ta’kidlashicha, evakuatsiya uchun Bundesverning (Germaniya Qurolli kuchlari) uchta samolyoti harakatga keltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Italiya ham kecha, 15 avgust kuni 70 nafar diplomatini Afg‘onistondan olib chiqib ketgan. Fransiya esa evakuatsiya jarayonini bugun, 16 avgust kuni amalga oshiradi. AQSH ham Qobuldagi barcha diplomatlarini kechagi to‘z-to‘polonda evakuatsiya qilgan.
Durdona Pirnazarova
LiveBarchasi