Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimidan ozod qilindi
Sport
−
11 Sentabr 2023
1818Germaniya futbol assotsiatsiyasi (GFA) Xans-Diter Flikni milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimidan ozod qildi. Uning yordamchilari Markus Zorg va Danni Ryol ham ishdan bo‘shatildi. Bu haqda terma jamoa matbuot xizmati xabar berdi.
“Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionati oldidan optimizm va ishonch ruhini tiklashimiz kerak. Shaxsan men uchun bu direktor sifatidagi faoliyatimdagi eng qiyin qarorlardan biri. Chunki men Xans Flik va uning yordamchilarining professional va insoniy fazilatlarini qadrlayman. Shu bilan birga, Germaniya futbol assotsiatsiyasi uchun sportdagi muvaffaqiyatlar asosiy ustuvor yo‘nalish hisoblanadi”, deydi GFA direktori Bernd Noyendorf.
Flik umumiy 25 ta o‘yinda Bundestimga murabbiylik qildi. Jamoa 25 ta o‘yinning 12 tasida g‘alabaga erishdi, 6 ta o‘yinda esa mag‘lubiyatga uchradi. Yana 7 bahsda durangga imzo chekdi. Mutaxassis 2021 yildan buyon terma jamoani boshqarib kelayotgandi.
Hozircha Germaniya terma jamoasini Rudi Fyoller boshqarib turadi. Jamoaning yangi bosh murabbiyligiga esa nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda.