Germaniya Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorlanmoqda
Olam
−
16:03
1987Germaniya Qurolli kuchlari (Bundesver) Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mamlakatning yirik kompaniyalari vakillari bilan tushuntirish ishlari olib bormoqda. Bu haqda “Frankfurter Allgemeine Zeitung” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, hukumat “Germaniya operatsion rejasi” deb nomlangan maxfiy hujjat ishlab chiqqan. Unda, xususan, harbiy maqsadlarda maxsus himoya talab qilinadigan barcha inshootlar va infratuzilma ob’ektlari ro‘yxati keltirilgan. Shuningdek, hujjatda mudofaa choralari bo‘yicha batafsil harakatlar rejasi mavjud.
Bundan tashqari, Rossiya va NATO o‘rtasida Sharqiy Yevropada to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv yuz bergan holatga mo‘ljallangan maxsus reja ham mavjud. Bu holatda Germaniya askarlarni, shuningdek, harbiy texnika, oziq-ovqat va dori-darmonlarni frontga yetkazib berish uchun transport markazi bo‘lishi kerak. Mazkur hujjat taxminan ming betdan iborat.
Hozirga qadar kompaniyalarni urushga tayyorgarlik bo‘yicha ilk tadbir Gamburg savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘tkazilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqaviy qo‘mondonlik rahbari, polkovnik-leytenant Yorn Plishke biznes vakillari uchun aniq tavsiyalar bergan.
“Har 100 nafar xodim uchun kamida 5 nafar yuk mashinasi haydovchisini tayyorlang. Nemis yo‘llarida harakatlanuvchi barcha yuk mashinalarining 70 foizini sharqiy yevropaliklar boshqaradi. Agar u yerda urush boshlansa, bu odamlar qayerda bo‘ladi?” dedi harbiy.
Shuningdek, u korxonalarni dizel-generatorlar yoki o‘ziga xos shamol elektr stansiyalari kabi mustaqil energiya manbalariga o‘tishga chaqirgan.
Plishkega ko‘ra, Rossiya Germaniya bilan mojaroga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xususan, ular razvedka uchun dronlarni uchirish, diversiyalar, kiberhujumlar o‘tkazish va nemis kompaniyalari yuqori rahbarlariga suiqasd qilish rejasini tuzmoqda.
“Rossiya urushga tayyorgarlikni boshlab yuborgan va hozirda oyiga 25 ta jangovar tank ishlab chiqarmoqda, Germaniya esa yiliga atigi uchta,” dedi Plishke.
Harbiyning chiqishidan so‘ng, Gamburg meri shaharda fuqaro mudofaasi bo‘yicha uchinchi rota tashkil etilganini e’lon qilgan. Ushbu rota Bundesverning jangovar bo‘linmalariga kirmaydigan, ammo xavfsizlik va himoya vazifalariga jalb etiladigan ko‘ngillilarni o‘z ichiga oladi. Gamburg senati esa xavfni hisobga olib, inqirozni boshqarish va aholining himoyasini kuchaytirish uchun 40 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratgan.
“Gamburgdagi kabi uchrashuvlar butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilmoqda. Barcha hududiy qo‘mondonliklarga bu vazifani bajarish topshirilgan,” deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, “Germaniya operatsion rejasi” hali tasdiqlanmagan va u logistika masalalariga e’tibor qaratiladigan “Red Storm Bravo” mashg‘ulotlari bilan to‘ldiriladi.