Germaniya Markaziy Osiyoni sanksiyalarga qat’iy rioya qilishga chaqirdi
Olam
−
00:08 439 2 daqiqa
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yohan Vadeful Markaziy Osiyo davlatlarini Rossiyaga qarshi Yevropa Ittifoqi joriy etgan sanksiyalarga to‘liq rioya qilishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, ayrim holatlarda mintaqa davlatlari Rossiyaga cheklovlarni chetlab o‘tish imkonini bermoqda. Bu haqda u 11 fevral kuni Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuv oldidan ma’lum qilgan.
Vadeful Yevropa Ittifoqi Rossiyaning “harbiy mashinasi”ni jilovlash maqsadida keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etganini eslatgan. U sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlar Moskva tomonidan olib borilayotgan urushni bilvosita qo‘llab-quvvatlashini va YeI xavfsizligiga tahdid solishini bildirgan.
“Bugun men aniq aytmoqchiman: sanksiyalarni chetlab o‘tish Rossiya Federatsiyasining bosqinchilik urushini qo‘llab-quvvatlaydi”, degan u.
Germaniya tomoni Markaziy Osiyo davlatlarini bu masalada Yevropa Ittifoqi bilan bir safda turishga chaqirgan.
11 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Berlinda Vadeful bilan muzokara o‘tkazgan. Unda strategik hamkorlikni kengaytirish, savdo, energetika va mintaqaviy barqarorlik masalalari muhokama qilingan. Tomonlar iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va bo‘lajak sammitlar orqali hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston hukumati Yevropa Ittifoqining sanksiyalar siyosatidan jiddiy xavotirda ekanini aytib, bir tomonlama cheklov choralari Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga va mintaqa davlatlarining yevropalik sheriklar bilan savdo, moliyaviy va investitsiyaviy hamkorligini yanada mustahkamlashga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagandi. Rossiyaga qarshi cheklovlarni chetlab o‘tishda gumon qilinayotgani sababli boshqa davlatlar, jumladan, Qirg‘iziston kompaniyalari ham Yevropa Ittifoqi va AQSH sanksiyalari ostida qola boshlagani iddao qilinadi.
Musulmon Sodiq
Live
Barchasi