Germaniya ko‘mirdan voz kechishni tezlashtirmoqda

Olam

image

Germaniyadagi “Yashillar” partiyasi mamlakat 2030 yilgacha, ya’ni milliy qonunchilikda belgilangan muddatdan sakkiz yil oldin ko‘mir qazib olishdan voz kechishi kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda bugun, 18 mart kuni “Süddeutsche Zeitung” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu harakat iqlim maqsadlariga erishish uchun zarur. Yashillar mamlakat g‘arbida bo‘lgani kabi, Sharqiy Germaniyada ham qo‘ng‘ir ko‘mir qazib olish joylari dastlab rejalashtirilganidan sakkiz yil oldin yopilishi kerak, deb hisoblaydi. Ular ko‘mir, neft va qazib olinadigan yoqilg‘ilarga iqlimi neytral mamlakatda o‘rin yo‘q, deb biladi.

“Xususan, qo‘ng‘ir ko‘mir iqlimga nihoyatda zararli. Biz Sharqiy Germaniyaning ko‘mir mintaqalari aholisi uchun xavfsizlik xohlaymiz”, deydi “Yashillar” fraksiya rahbari Katarina Dryoge. 

Shuningdek, u davlatga tarkibiy o‘zgarishlarni shakllantiradigan, uzoqni ko‘ra oladigan siyosat kerak ekanini qo‘shimcha qilgan. Fraksiyaga ko‘ra, ko‘mirdan foydalanishning davom etishi faqat zarar ko‘rgan hududlar uchun yolg‘on xavfsizlikni yaratadi. 

Manbaga ko‘ra, Germaniya hukumati mamlakatdagi ikkinchi yirik ko‘mir ishlab chiqaruvchi LEAG rahbariyati bilan 2030 yilgacha uni qazib olishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Muzokaralar Germaniya vitse-kansleri, Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish vaziri Robert Xabekning o‘tgan oy LEAG kompaniyasiga tegishli ko‘mir elektr stansiyalaridan biriga tashrifi bilan boshlangan. Siyosatchi hukumatning iqlim bo‘yicha belgilangan maqsadlariga erishish uchun ko‘mirdan erta voz kechishga qarshilik ko‘rsatgan kompaniya rahbari Torten Kramer bilan uchrashgan. 

Ma’lumot uchun, 2020 yilda Bundestag 2038 yilgacha ko‘mir energetikasidan chiqish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullagan. 2022 yil oktyabr oyida Germaniya hukumati Germaniyaning RWE konserni bilan 2023 yilgacha ushbu turdagi yoqilg‘idan voz kechish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Hozir Germaniya hududida faqat ochiq usulda qo‘ng‘ir ko‘mir qazib olinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing