Germaniya kemasi Qizil dengizda AQSH dronini urib tushirmoqchi bo‘ldi – CNN 

Olam

image

Yevropa Ittifoqining Qizil dengizdagi “Aspides” (“Qalqon”) operatsiyasida ishtirok etgan Germaniyaning Hessen fregati xatolik tufayli Amerika uchuvchisiz samolyotini urib tushirishga urindi. Bu haqda kecha, 28 fevral kuni Pentagon vakiliga tayanib, CNN xabar berdi.

“Fregat yaqinida dron kuzatilgan. Hessen uni o‘qqa tutmoqchi bo‘ldi, biroq nishonga tegmadi”, deya aniqlik kiritadi telekanal.

Qayd etish joizki, oldinroq “Welt” nashri Germaniya Mudofaa vazirligi vakili Mixael Shtempflega tayanib, Hessen fregati ittifoqchi davlatlardan birining uchuvchisiz uchog‘ini o‘qqa tutganini xabar qilgandi. 

Unga ko‘ra, nemis dengizchilari dastlab aniqlay olmagan dron 28 fevral kuni ertalab o‘qqa tutilgan. Hujum oqibatida dron shikastlanmagan.

Mudofaa vazirligi vakilining qo‘shimcha qilishicha, hujumdan oldin Hessen barcha ittifoqchi davlatlardan so‘ragan va ularning hech biri jangovar hududda o‘z droniga ega bo‘lmagani haqida xabar bergan. Keyinchalik bu Germaniya ittifoqchisining droni ekani ma’lum bo‘ldi.

“Welt”ning yozishicha, MQ-9 Reaper tipidagi Amerika droniga hujum qilingan. U identifikatsiya qilish uchun yoqiladigan transpondersiz va boshqa mamlakatlar harbiy kemalarining xabarisiz havoga ko‘tarilgan.

Ma’lumot uchun, G‘azo sektorida Falastin-Isroil mojarosi avj olganidan so‘ng, husiylar anklavdagi harbiy operatsiya tugamaguncha, Isroil hududiga hujumlar uyushtirishlarini va ularga tegishli kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga ruxsat bermasligini ma’lum qildi. O‘tgan yilning noyabr oyi o‘rtalaridan beri ular Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida o‘nlab fuqarolik kemalariga hujum qilgan.

Katta xavf-xatarlar tufayli yirik kemaga egalik qiluvchi kompaniyalar Qizil dengiz bo‘ylab va Suvaysh kanali orqali Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi eng qisqa yo‘ldan foydalanishdan tobora ko‘proq bosh tortmoqda. Bu global savdo uchun jiddiy muammolar tug‘diradi, shuning uchun ham AQSH va Buyuk Britaniya yaqinda husiylarning Yamandagi nishonlariga zarbalar bergan. Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Josep Borrel YeI davlatlari Qizil dengizdagi savdo kemalarini himoya qilish bo‘yicha o‘z missiyasini 19 fevraldan boshlashga kelishib olganini ma’lum qilgan. Biroq Yevropa Ittifoqi AQSH va Buyuk Britaniya kabi Yaman hududiga hujumlarda ishtirok etishni istamasligini aytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 27 fevral kuni kechqurun Qizil dengizda tijoriy yuk tashish xavfsizligini ta’minlash maqsadida Yevropa Ittifoqining “Aspides” (Qalqon) operatsiyasida ishtirok etgan Germaniyaning Hessen fregati Yamandagi husiylarning birinchi hujumini qaytarib, husiy samolyotlarining ikkita nishoniga muvaffaqiyatli zarba bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya AQSh Evropa Ittifoqi Qizil dengiz Hessen MQ-9 Reaper

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing