Germaniya kemasi husiylarning birinchi hujumini qaytardi
Olam
−
28 fevral
4919Qizil dengizda tijoriy yuk tashish xavfsizligini ta’minlash maqsadida Yevropa Ittifoqining “Aspides” (Qalqon) operatsiyasida ishtirok etgan Germaniyaning Hessen fregati Yamandagi husiylarning birinchi hujumini qaytardi. Bu haqda DPA agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 27 fevral kuni kechqurun kema husiy samolyotlarining ikkita nishoniga muvaffaqiyatli zarba bergan. Bu Bundesver tarixidagi eng xavfli dengiz missiyasi deb hisoblangan operatsiyada Germaniya Harbiy-dengiz kuchlarining birinchi marta jangovar foydalanishi edi.
8 fevral kuni Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius Hessen kemasi “Aspides” operatsiyasida ishtirok etish uchun Germaniyaning Vilgelmshaven portidan jo‘nab ketganini ma’lum qildi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kema bortida 240 ga yaqin harbiy xizmatchi bo‘lgan. 16 fevral kuni respublika hukumati vakili Volfgang Byuxner mamlakat rasmiylari Germaniyaning “Aspides” operatsiyasida ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qilganini rasman tasdiqladi.
Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Josep Borrel esa YeI davlatlari Qizil dengizdagi savdo kemalarini himoya qilish bo‘yicha o‘z missiyasini 19 fevraldan boshlashga kelishib olganini ma’lum qildi.
Katta xavf-xatarlar tufayli yirik kemaga egalik qiluvchi kompaniyalar Qizil dengiz bo‘ylab va Suvaysh kanali orqali Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi eng qisqa yo‘ldan foydalanishdan tobora ko‘proq bosh tortmoqda. Bu global savdo uchun jiddiy muammolar tug‘diradi, shuning uchun ham AQSH va Buyuk Britaniya yaqinda husiylarning Yamandagi nishonlariga zarbalar bergan. Yevropa Ittifoqi bunday hujumlarda ishtirok etishni istamasligini aytmoqda.