Germaniya kansleri urush xavfi ostidagi Ukrainaga boradi

Olam

image

Germaniya kansleri Olaf Shols bugun, 14 fevral kuni Kiyevga tashrif buyuradi va u yerda Ukraina rahbariyati umid qilganidek, Moskvaga borishdan oldin xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini sinxronlashtiradi. Bu haqda TASS yozmoqda. 

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaga ko‘ra, Kiyev Sholsning 15 fevralga mo‘ljallangan Moskvaga tashrifi oldidan o‘z mamlakatiga tashrif buyurishini ijobiy baholamoqda. 

“Bizda unchalik katta umidlar yo‘q, ammo bu Germaniya kansleri va Ukraina Prezidenti [Vladimir Zelenskiy] o‘rtasidagi birinchi uzoq muddatli mazmunli suhbat bo‘ladi”, deydi vazir. 

Sholsning Ukrainaga birinchi tashrifi oldidan Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok 7-8 fevral kunlari Kiyevga safar qilgan. Ukrainada u Kuleba bilan uchrashgan, Donbassga tashrif buyurgan. 12 fevral kuni esa Tashqi ishlar vazirlari xavfsizlik holati va Germaniya kanslerining bo‘lajak tashrifini telefon orqali muhokama qilgan. 

Ukrainalik ekspertlarning fikricha, tashrif Kiyev bilan qator masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar fonida Shols uchun qiyin bo‘ladi. Xususan, Germaniya rasmiylari Ukrainaga qurollar berilishiga qarshi — Shols ham, Berbok ham buni bir necha bor ta’kidlagan. 

Ukrainaning ba’zi vakillari hatto Germaniyani “do‘stlarga xiyonat qilishda” ayblagan. Ukraina tomonining qurollar yetkazib berish bo‘yicha talablarini rad etgan Berlin Kiyevni boshqa sohalarda, xususan, gumanitar va siyosiy sohalarda qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatgan.

Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan. 

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Shol'ts

Baholaganlar

98

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing