Germaniya chechen qo‘mondoni o‘ldirilishi ortidan Rossiya diplomatlarini uyiga jo‘natyapti
Olam
−
04 dekabr 2019
9272Germaniya Berlinda Gruziya fuqarosi o‘ldirilgani va rasmiy Moskva bu masala bo‘yicha yetarlicha yordam ko‘rsatmagani sababli rossiyalik diplomatlarni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi. Bu haqda Germaniya kansleri Angela Merkel NATO sammitida ma’lum qildi.
“Biz tegishli choralarni ko‘rdik, negaki, bu qotillikni surishtirishda Rossiya yetarlicha yordam ko‘rsatmadi”, dedi kansler.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Rossiya elchixonasining ikki xodimi persona non-grata deb e’lon qilingan va ular 7 kun ichida mamlakatni tark etishi kerak bo‘ladi.
Merkel rossiyalik ikki nafar diplomatning Germaniyadan chiqarib yuborilishini Parijdagi “normand to‘rtligi” sammiti doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muhokama qilishi mumkinligini ham inkor qilmadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 23 avgust kuni Berlinda Gruziya fuqarosi bo‘lgan asli chechenistonlik Zelimxan Xangoshvili o‘ldirib ketilgandi. Qotillikda gumonlangan shaxs qo‘lga olinib, tekshirilganda Rossiya fuqarosi ekanligi aniqlangan.
Germaniya TIVning rasmiy notasida Rossiyadan ushbu ish bo‘yicha bosh prokuraturaga barcha zarur yordamni ko‘rsatish so‘ralgan.
Germaniya Xongoshvilining o‘ldirilishi Rossiya Federatsiyasi Hukumati yoki Checheniston Respublikasi rahbariyati buyrug‘i bilan sodir etilgan deb gumon qilyapti.
Rossiya TIV elchixonasi xodimlarining persona non-grata deb e’lon qilinishini javobsiz qoldirmasligini ma’lum qildi.
Germaniyaning gruziyalik Zelimxan Xangoshvili qotilligida Rossiyadan shubhalanishi bejiz emas. Gap shundaki, Xangoshvili ikkinchi chechen urushi vaqtida federal harbiylarga qarshi jang qilgan, keyinroq u Rossiyada terrorizmda gumonlanib qidiruvga berilgan. Gruziyada ham uni ta’qib qilishdavom etib, joniga suiqasd qilingach, Yevropaga ketgan. U 2016 yilda Germaniyaga kelib joylashgan.
Chechen dala qo‘mondoni Aslan Masxadovning o‘g‘li Anzor Berlinda Xangoshvilining o‘ldirilishi Yevropada yashovchi barcha chechenlar uchun ogohlantiruv bo‘lganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yil mart oyida Rossiya Davlat razvedka boshqarmasi sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning Solsberi shahrida zaharlangandi. Britaniya Skripallar zahalanishida Rossiyani ayblab, uning diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yuborgan. Rossiya ham Birlashgan Qirollikka shunday javob qaytargandi.
LiveBarchasi