Germaniya afg‘onistonliklarni deportatsiya qilishga kirishdi
Olam
−
31 avgust
4564Kecha, 30 avgust kuni ilk marta Germaniya hukumati bir guruh afg‘onistonliklarni o‘z vataniga qaytardi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Germaniya hukumati rasmiy vakili Shteffen Hebeshtrayt Afg‘onistonga qaytarilgan shaxslar jinoyatchilar ekani va ular Germaniyada qolishga haqli emasligini aytgan.
Nashrga ko‘ra, afg‘onistonliklar Leypsig aeroportidan Qatar Airways shirkati samolyoti orqali badarg‘a qilingan. Berlin hukumati “Tolibon” ma’muriyati bilan rasmiy aloqaga ega emasligi sabab jarayonga Qatar davlati ko‘mak bergan va vositachilik qilgan. Germaniyadan deportatsiya qilingan dastlabki guruh 28 nafar afg‘onistonlikdan iborat.
Rasmiylar deportatsiya jarayoniga bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rilganini ma’lum qilgan. Zolingen shahrida suriyalik muhojir tomonidan uyushtirilgan va uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan hujum jarayonni yanada tezlashtirgani aytilmoqda. Ushbu hujumdan keyin olmon muxolifati hukumatdan migrantlarga nisbatan tartib-qoidani qattiqlashtirishni talab qilgan. Ichki ishlar vazirligi shubhali deb topilgan qochqinlarni deportatsiya qilish jarayonini yengillashtirish niyatida.
“Xavfsizlik omili shaxsni himoya qilish zaruratidan ustun”, deydi Berlin rasmiylari.
Germaniya Adliya vaziri Marko Bushman joriy yilning 29 avgust kungi matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, hukumat Zolingendagi hujumdan keyin xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ma’qullagan. Jumladan, qurol ishlatgan qochqinlarni surgun qilishni soddalashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, Moldova, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Keniya va Filippin bilan noqonuniy muhojirlarni qaytarish bo‘yicha qo‘shimcha migratsiya bitimlari tuzilishi rejalashtirilmoqda.
LiveBarchasi