Geologiya-qidiruv ishlariga 1,6 trillion so‘m ajratildi
Jamiyat
−
27 aprel 2020
4398Bugun, 27 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev geologiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va galdagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda geologiya sohasida qilinishi zarur bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, oxirgi 3 yilda tarmoqqa ajratilgan mablag‘lar 3 barobarga oshdi. Uskunalarning uchdan bir qismi yangilandi. 850 tadan ziyod ilg‘or va innovatsion texnologiyalar joriy etildi. Natijada qidirilayotgan qazilma boyliklari turlari 3 tadan 17 taga kengaydi. Ruda tarkibida aniqlanadigan elementlar soni 12 tadan 40 taga yetkazildi. 2019 yilda Markaziy Osiyoda ilk bor zamonaviy aerogeofizik kompleks ishga tushirilib, yer qa’rini innovatsion usullarda o‘rganish yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu davr davomida geologiya ishlarining boshlang‘ich bosqichida zamonaviy GIS-texnologiyalari asosida dunyoda tan olingan Global-Mapper, Erdas, ENVI dasturlari va yuqori aniqlikdagi Landsat, Aster kosmosuratlaridan foydalanish joriy etilgani ta’kidlandi. Bu usullar ancha chuqur qatlamlar haqida yuqori aniqlikda ma’lumot olish hamda katta hududlarni qisqa muddatda o‘rganish imkonini bermoqda. Eng muhimi, vaqt va xarajat tejalyotgani aytildi.
Shuningdek, yer osti suvlarini monitoring qilish va kadastrini yuritish ham takomillashtirildi. 250 ta kuzatuv qudug‘ida yer osti suvi parametrlarini masofadan avtomatik o‘lchash qurilmalari o‘rnatildi. Sohadagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida joriy yilda geologiya-qidiruv ishlariga 1,6 trillion so‘m ajratilgani ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda, shuningdek, yil yakuniga qadar oltin va kumush resurslari, mis va 8 turdagi noruda boyliklari zaxiralarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun texnikalarni yangilashni davom ettirish kerakligi aytildi. Masalan, zamonaviy uskunalarni qo‘llash hisobiga burg‘ilash chuqurligini 800 metrdan 1200 metrga yetkazish, ish samaradorligini esa 1,7 baravarga ko‘paytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Joriy yilda geofizika, burg‘ilash, tog‘-kon va laboratoriyada qo‘llaniladigan 385 ta uskunani modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berildi. Yil yakuniga qadar uglevodorodga istiqbolli 16 ta maydonni aniqlash, 23 ta yangi kon zaxiralarini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda 3 ming gektarga suv chiqarish uchun 70 ta quduq burg‘ilash bo‘yicha vazifa qo‘yildi. Shu bilan birga, joriy yilda 200 ta yangi quduqda suv sarfini, 400 ta quduqda yer osti suv sathini onlayn monitoring qiladigan tizim joriy etish hamda yer osti suvlari interaktiv xaritasini yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Geologiya rivojida fundamental, ilmiy, innovatsion va amaliy tadqiqotlarning o‘rni katta. Shu bois yil yakunigacha 2,5 ming kvadrat kilometr maydonni kosmik tasvirlar orqali, 5 ming kvadrat kilometr maydonni aerogeofizika usuli orqali geologik o‘rganish yuzasidan topshiriqlar berildi.
LiveBarchasi