Genetik olim Nobel mukofotini qo‘lga kiritdi
Salomatlik
−
03 Oktabr 2022
124072022 yilgi fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti shved biologi Svante Peaboga topshirildi. Bu haqda bugun, 3 oktyabr kuni Stokgolmdagi Karolinsk institutining Nobel qo‘mitasi ma’lum qildi.
Olim “yo‘q bo‘lib ketgan gominidlar (primatlar oilasi, jumladan, homo sapiyens) genomi va inson evolyutsiyasi sohasidagi kashfiyotlari uchun” mukofotga sazovor bo‘ldi”, deyiladi qo‘mita bayonotida.
Qayd etilishicha, Peabo o‘z tadqiqotlari bilan ilm-fan olamida imkonsiz bo‘lib tuyulgan ish – neandertal genomini ketma-ketlashtirishni amalga oshira olgan
“U, shuningdek, ilgari noma’lum bo‘lgan gominid – Denisovskiy odami haqida shov-shuvli kashfiyot qildi”, deb ta’kidladi qo‘mita.
Shvetsiyalik biolog, shuningdek, 70 ming yil avval Afrikadan ko‘chib kelganidan so‘ng yo‘qolib ketgan gomininlardan genlarning homo sapiyensga o‘tishi sodir bo‘lganligini ham aniqladi. Zamonaviy odamlarda bu genlar immunitet tizimining infeksiyalarga qanday javob berishini aniqlaydi. Peaboning tadqiqotlari butunlay yangi ilmiy intizom – paleogenomikani dunyoga keltirdi.
Svante Peabo evolyutsion genetik. Uning otasi biokimyogar Sune Bergstryom bo‘lib, u 1982 yilda fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha "prostaglandinlar va ular bilan bog‘liq biologik faol moddalarga oid kashfiyotlar uchun" Bengt Samuelson va Jon Ueyn bilan birga Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Peabo 1955 yilda Stokgolmda tug‘ilgan. 1975 yildan Uppsala universitetida Misrologiya, rus tili, fan va tibbiyot tarixini o‘rgangan va 1986 yilda molekulyar immunologiya bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Keyin u Syurix universitetining Molekulyar biologiya markazida va Londondagi Saraton tadqiqotlari institutida ishlagan, 1987-1990 yillarda Berklidagi Kaliforniya universitetida hozirgi zamonda yo‘qolib ketgan qazilma qoldiqlari va hayvonlarning genetik materialini ajratib olish bilan shug‘ullangan. 1990-1997 yillarda Myunxen universitetida umumiy biologiya professori, 1997 yildan Leypsigdagi Maks Plank nomidagi evolyutsion antropologiya institutida genetika kafedrasi direktori bo‘lib ishlagan.
Peabo paleogenetikaning asoschilaridan biri bo‘lib, genetik usullar yordamida birinchi odamlar va gominidlarni o‘rganadi. U bu sohadagi faoliyatini 1984 yilda Yevropa muzeylari kolleksiyalaridan qadimiy Misr mumiyalarini o‘rganishdan boshlagan. 1985 yilda tarixda birinchi marta mumiyalardan genetik material olindi. 2010 yil mart oyida Peaboning tadqiqot guruhi Oltoydagi Denisov g‘orida topilgan bo‘lakdan DNKni o‘rganib, ilgari noma’lum bo‘lgan gominidlar turi – Denisov odami antik davrda mavjud bo‘lgan degan xulosaga keldi.
U Shvetsiya Qirollik Fanlar Akademiyasi, AQSH Milliy Fanlar Akademiyasi, Fransiya Fanlar Akademiyasi va London Qirollik Jamiyatining a’zosi.
LiveBarchasi