General-mayor Botir Tursunov lavozimidan ozod etildi
Jamiyat
−
18 mart 2020
64024O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari Botir Tursunov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Milliy gvardiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, general-mayor Botir Tursunov boshqa lavozimga o‘tkazilgan. Ammo, uning qaysi tashkilotda ish boshlagani hozircha ma’lum emas.
Bundan avval, Milliy gvardiya qo‘mondoni Bahodir Toshmatov ham lavozimini tark etib, uning o‘rniga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i – Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan general-mayor Rustam Jo‘rayev tayinlangan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Botir Tursunov 1946 yil 5 dekabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetini tamomlaganidan so‘ng, 1971-1980 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik qo‘mitasining turli lavozimlarida xizmat qilgan.
Xizmati faoliyati davomida, 1980-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimining turli lavozimlarida ishlagan.
2006-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi “Interpol” Milliy markaziy byurosi direktorining o‘rinbosari lavozimida;
2008-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qoshidagi “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Kengashi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 avgustdagi Farmoni bilan Botir Tursunov O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 avgustdagi Farmoni bilan Botir Tursunovga general-mayor harbiy unvoni berilgan.
U II-darajali “Shon-sharaf” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
LiveBarchasi