G‘azoga yagona darcha – Rafah posti qisqa muddatga ochildi (video)
Olam
−
21 Oktabr 2023
6204G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yuklangan birinchi yuk mashinalari Rafah nazorat punkti orqali anklavga kirdi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Misr va G‘azo sektori chegarasida gumanitar yordam yuklangan 200 ga yaqin yuk mashinasi to‘planib qolgan. Misr davlat televideniyesi nazorat-o‘tkazish punktiga insonparvarlik yuklari kirib kelganini ko‘rsatgan.
20 ta yuk mashinasi G‘azo chegarasini kesib o‘tgach, o‘tish joyi tezda yopilgan. BMT Bosh kotibi vakilining so‘zlariga ko‘ra, insonparvarlik yordami solingan 20 yuk mashinasi Misr Qizil Yarim Oy jamiyatiga tegishli bo‘lgan.
Qayd etish joizki, G‘azo sektorining 2 millionga yaqin aholisidan 1,4 millioni harbiy harakatlar boshlanganidan keyin uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Isroil hukumati sektorni blokadaga olganini e’lon qilgach, aholi suv, oziq-ovqat, dori-darmon va yoqilg‘i tanqisligiga duch keldi.
Ma’lumot uchun, Rafah G‘azo sektori va Misr o‘rtasidagi chegaradagi yagona nazorat punkti hisoblanadi. Joriy yilning 10 oktyabr kuni Misr hukumati falastinlik qochqinlar oqimi xavfi tufayli uni yopib qo‘ygan.
Eslatib o‘tmiz, kecha, 20 oktyabr kuni BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish Rafah nazorat-o‘tkazish punktiga borgandi. U G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishini shaxsan o‘zi nazorat qilmoqchiligini aytgan. Misr Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ahmed Abu Zeyd esa Rafah chegara punkti ochiqligi, ammo Isroil mintaqaga gumanitar yordam olib kirishiga ruxsat bermayotganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi