G‘azoga kirishga uringan Greta Tunbergni Isroil deportatsiya qildi
Olam
−
10 iyun 5181 2 daqiqa
Shvetsiyalik ekofaol Greta Tunberg Isroildan deportatsiya qilindi. Bu haqda bugun, 10 iyun kuni ertalab Isroil Tashqi ishlar vazirligi o‘zining X ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
Vazirlik Tunbergning Fransiyaga uchayotgan samolyot bortida aks etgan videosini e’lon qildi. Fransiyadan faol Shvetsiyaga borishi kerakligi yozilgan.
Tunberg yana 11 nafar faol bilan birga “Madlin” yaxtasida G‘azo sektori qirg‘oqlariga yaqinlashmoqchi bo‘ldi. Kema Isroil harbiylari tomonidan qo‘lga olingan. Isroil TIV G‘azo qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz zonasi “xalqaro qonunlarga muvofiq qonuniy dengiz blokadasiga muvofiq” yopilganini eslatdi.
Greta Tunberg 2018 yilda Shvetsiya parlamentining tashqarisida hukumatdan iqlim bo‘yicha kelishuvlarni bajarishni talab qilib, ish tashlashlar o‘tkaza boshlaganidan so‘ng keng shuhrat qozondi. Bunday norozilik namoyishlari dunyoning boshqa mamlakatlarida ham o‘tkazila boshlandi. 2019 yilda Tunberg BMTning iqlim sammitida nutq so‘zladi va “Time” jurnali uni “Yil odami” deb e’lon qildi. O‘shandan beri Tunberg to‘rt marta tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod bo‘lgan.
Tunberg avvalroq prinsipial ravishda uchishdan bosh tortgan edi. Xususan, u Yevropadan Nyu-Yorkdagi BMT iqlim sammitiga yelkanli yaxtada Atlantika okeani orqali yetib borgandi.
U 2023 yilda Finlandiyaning sobiq prezidenti Sauli Niinistyo va dunyoning boshqa 28 arbobi bilan bir qatorda Xelsinki universitetida faxriy doktor unvoniga sazovor bo‘lgandi.
Live
Barchasi