“G‘azoga befarqlik – jinoyatga sheriklik”. Erdo‘g‘an xalqaro tashkilotlarni harakatga chaqirdi
Olam
−
23 iyul 2888 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealarni “insoniyatga qarshi jinoyat” deb atab, ularni e’tiborsiz qoldirishni jinoyatga sheriklik sifatida baholadi. Bu haqda u kecha, 22 iyul kuni Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan IDEF 2025 mudofaa sanoati ko‘rgazmasida so‘z ochdi.
Erdo‘g‘anga ko‘ra, Isroil tomonidan G‘azoga gumanitar yordam kirishini to‘sib qo‘yish oqibatida yuzlab bolalar ochlikdan aziyat chekmoqda.
“Isroilning G‘azodagi genotsidi natsistlarning qilmishlaridan ham oshib ketdi. Hech bir insoniylik tuyg‘usiga ega odam bu vahshiylikka jim qarab turolmaydi”, degan Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an xalqaro hamjamiyatni bu adolatsizlikka qarshi birgalikda chora ko‘rishga chaqirgan.
“Odamlar ochlikdan halok bo‘layotgan bu noaniq kunlarda butun dunyoni insoniyat nomidan harakatga chaqiraman. Bu vahshiylik va yovuzlikka barham berish vaqti keldi”, degan Erdo‘g‘an.
Prezident Erdo‘g‘an, shuningdek, global kuchlar muvozanatining o‘zgarayotgani va xalqaro maydondagi raqobat kuchayayotganini ta’kidlagan. Shu fon ostida Turkiyaning mudofaa sanoatidagi yutuqlariga ham to‘xtalgan.
Unga ko‘ra, Turkiyada mahalliy ishlab chiqarish darajasi 80 foizdan oshgan, 2024 yilda eksport 29 foizga oshib, 7,154 milliard dollarga yetgan.
Ma’lumot uchun, G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zining so‘nggi byulletenida Isroilning G‘azoga qarshi urushida 2023 yil 7 oktyabrdan beri kamida 59 106 kishi halok bo‘lgani, 140 505 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoning 25 davlati Isroilning G‘azoga qarshi urushini qoralab, ushbu bosqinni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgandi. Ular Isroil, Falastin va butun mintaqada xavfsizlik va tinchlikka olib keladigan siyosiy yechim yo‘lida qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyor ekanini bildirgan.
Live
Barchasi