Xavotirdagi O‘zbekiston, Eronga hujum, dunyoni tebratayotgan terror xavfi, Aqto‘bedan o‘ligi qaytganlar, mag‘lub bo‘lgan Erdo‘g‘an – Hafta tahlili

Tahlil

Toshkentda non narxi oshdi, 2800 so‘mdan sotib kelinayotgan “buxanka” 200 so‘mga qimmatlab, endi 3000 ming so‘mni tashkil etyapti. O‘lganni ustiga tepgandek, yoz kelayotganda 2 apreldan poytaxtda issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlari uchun tariflar 15 foizga ko‘tarildi. Shu voqealar fonida esa 2023 yilning martidan buyon Toshkentni vaqtincha boshqarib kelayotgan Shavkat Umurzoqov hokimlik lavozimidagi o‘rnini mustahkamlab oldi, u endi Toshkentning chin hokimi. Avtomobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish esa birdaniga 68 baravarga qimmatladi.Ro‘zg‘or, oila, bola-chaqa tashvishi bilan o‘zga yurtga otlangan o‘zbekistonliklarning esa uyiga o‘ligi qaytdi. Ular 8 nafar. Rossiyadagi migrantlarga nisbatan munosabat esa kun sayin yomonlashib bormoqda. 

2018 yil. 18 yanvar. Aqto‘be. Uyiga o‘ligi qaytgan 52 o‘zbekistonlik.

Ularning har biri ish izlab Rossiya tomon yo‘lga chiqqandi. Ular o‘tirgan avtobus yonib ketishi oqibatida avtobusdagi 57 kishidan 52 nafari halok bo‘ldi. Ularning 31 nafari Namangan, 16 nafari Farg‘ona, 2 nafari Andijon viloyatidan, 2 nafari Toshkent shahridan va 1 nafari Surxondaryo viloyatidan edi. Eng yomoni bilasizmi nima? Oradan olti yil o‘tib sodir bo‘lgan navbatdagi dahshatli YTH ham aynan Samara-Chimkent yo‘nalishida bo‘ldi. Hodisa “Volvo” rusumli yuk mashinasi hamda O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvida bo‘lgan Toyota-Alhpard miniveni ishtirokida ro‘y bergan. Oqibatda miniven haydovchisi va undagi yetti nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan.Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, harakat vaqtida yuk avtomobilining shinasi yorilib ketgan, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va miniven bilan to‘qnashgan.Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan, baxtsiz hodisada vafot etganlar O‘zbekistonga olib kelinib, dafn qilindi. Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev mavqedoshi Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘llab, YTHda vafot etgan o‘zbekistonliklarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi va 5 aprel kuni O‘zbekistonga keldi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz.

Tugayotgan hafta Turkiya va uning 20 yildan oshiq davlat boshida qolayotgan rahbari Erdo‘g‘anga og‘ir keldi.

Istanbulda sodir bo‘lgan yong‘inda 29 kishi halok bo‘ldi, 31 mart kuni shahar hokimligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda Erdo‘g‘an boshchiligidagi partiya 20 yil deganda ilk bor yirik mag‘lubiyatga uchradi. Erdo‘g‘anni prezidentlik kursisiga olib kelgan Istanbul ikkinchi marta qo‘ldan ketdi. Mayli, saylovni qo‘ya turaylik, hozir oddiy odamlar umriga zomin bo‘lgan fojiaga to‘xtalaylik.Gap shundaki, Istanbulning Shishli tumanidagi 16 qavatli turarjoy binosining birinchi va minus birinchi qavatlarida joylashgan “Maskarad” tungi klubida yong‘in yuz berdi va oqibatda 29 kishi halok bo‘ldi. Yana bir kishi og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda.Klub Ramazon oyi munosabati bilan faoliyat yuritmayotgan bo‘lib, ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi ma’lum qilindi. Qurbonlarning aksariyati klubda ta’mirlash ishlarini olib borayotgan ustalar bo‘lgan. Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch Bosh prokuratura tergov ishlarini boshlaganini ma’lum qildi. Hodisaga aloqador va voqea uchun javobgar bo‘lishi mumkin bo‘lgan 11 kishi qo‘lga olingan.O‘tgan yakshanba bo‘lgan saylovda Istanbulni yana besh yil boshqarish uchun xalqdan ishonchni qozongan mer Ekrem Imomo‘g‘li ta’mirlash ishlari shahar hokimiyati bilan to‘g‘ri muvofiqlashtirilmagan va zarur xavfsizlik choralariga rioya qilinmagan bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi jabrlanganlar va ushlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari aniqlanmaganini bildirdi.Yong‘in shunchaki tasodif emas. Istanbul, turkchasiga aytganda, “Geja ko‘ndi”, ya’ni pala-partish, tunda boshlanib, tonggacha bitirilgan binolarga to‘lib yotibdi va agar mutaxassislarning aytganlari to‘g‘ri chiqib, bordiyu Istanbulda zilzila sodir bo‘lsa, shaharni qanday talafotlar kutayotganini tasavvur qilavering. Besh yilda oddiygina yo‘lkira narxining oshishiga to‘sqinlik qilolmagan, shaharning tozaligini boshqarolmagan, shaharda o‘nlab yirik muammolar turib, bolalarga sut yetkazib berish bilan ovora bo‘lib yurgan Imomo‘g‘li keyingi besh yilda bu muammolarni hal qila oladimi yo endigi qadami qattiq bo‘ladimi, unisini Xudo biladi.

1 apreldan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar 68 baravar (34 ming so‘mdan 2,32 mln so‘mgacha), elektromobillar uchun esa 15 baravarga oshadi. Kulmang, ey, qo‘ysangchi ham demang – bu 1 aprel hazili emas. 

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning bu haqdagi buyrug‘i to‘lovlar oshishidan bir kun oldin, 31 mart – yakshanba kuni qabul qilindi. Qarangki, bunday qarorlar qabul qilish uchun dam olish kunlariga ham qarab o‘tirilmas ekan! Yangi buyruq bilan avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarini (yarim tirkamalarini) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov stavkalari oshirilishi tasdiqlangan. Jumladan, 1 apreldan boshlab elektromobillar, mototransport vositalari va tirkamalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar stavkasi 15 baravarga – 1,5 BHMgacha yoki 510 ming so‘mgacha oshiriladi. Qolgan barcha avtomobillar bo‘yicha stavka 68,4 baravarga oshib, 6,84 BHM yoki 2,32 mln so‘mni tashkil etadi.Ma’lumot uchun, bungacha avtomototransport vositalarini va ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish stavkasi BHMning 10 foizi miqdorida – 34 ming so‘m edi.Sobiq deputat, Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyevni yaxshi taniysiz. Bu kishim shunday olamshumul qarorni “xalqni o‘ylamay qabul qilingan”ini aytib chiqdi.

Solixon domla nomi bilan tanilgan Solixon Mahkamovich Ortiqxo‘jayev tugayotgan haftada 15 sutkaga qamaldi. 

Uning javobgarlikka tortilishi joriy yilning 30 mart kuni sodir bo‘lgan voqea bilan bog‘liq. Sud hujjatlarida aytilishicha, shu kuni Sergeli tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari qidiruvda bo‘lgan fuqaro bo‘yicha qidiruv ishlari olib borish davomida Ortiqxo‘jayevning uyida tintuv o‘tkazish uchun borgan. Solixon domla esa xodimlarga nisbatan nosamimiy munosabatda bo‘lib, baqir-chaqir qilgan va baland ovozda “terrorchi emasman, siyosatga qarshi emasman, jinoyatchi emasman” deb shovqin qilib, shu yerdan o‘tib ketayotgan fuqarolarning tinchligini buzgan. Shuningdek, u IIO xodimlari tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan telefon apparatini taqdim qilish so‘ralganida, ularga telefonini bermasdan, IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan.30 mart kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi binosida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Solixon Ortiqxo‘jayev huquqbuzarlik harakatiga qisman iqrorlik bildirib, haqiqatdan ham IIO xodimlari uning qo‘l telefonini so‘raganida, ularga telefon apparati yo‘qligini aytib, gadjetni taqdim etmaganini tan olgan. Lekin u baqir-chaqir qilmaganini aytib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.Sud qaroriga ko‘ra, Solixon Ortiqxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilgan va unga 183-modda bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi, 194-moddaning 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya’ni 340 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.Shuningdek, jazo o‘talganidan so‘ng Solixon Ortiqxo‘jayevdan Toshkent shahar IIBB Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qabulxonasi foydasiga maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, ya’ni 765 000 so‘m undirilishi belgilangan.Shuni aytish o‘rinliki, Solixon domla so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’muriy javobgarlikka tortilib, hibslangan yagona sobiq xodim emas. Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahar Shayxontohur tumani sudi qarori bilan taniqli diniy bloger Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) 15 sutkaga qamalgan edi. 

Joriy yilning 22 mart kuni Moskvadagi “Krokus Siti Holl”da sodir etilgan mudhish terrorchilik harakati bilan bog‘liq vaziyat, migrantlarga nisbatan sovuq munosabat va Rossiyaning Ukraina, jumladan G‘arbga nisbatan agressiyasi kuchayishi kun sayin avj olib bormoqda.

Tugayotgan haftada Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari Moskva, Yekaterinburg va Omsk shaharlarida “Krokus Siti Holl”dagi teraktga aloqadorlikda gumon qilingan yana uch kishini qo‘lga oldi.Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qo‘lga olinganlardan ikki nafari terrorchilik harakatida foydalanilgan o‘qotar qurol va avtomashinalarni sotib olish uchun pul o‘tkazgani, uchinchisi terrorchilik xurujiga sheriklarni yollash va uning ijrochilarini moliyalashtirish bilan bevosita shug‘ullangani aniqlangan.Ushbu terakt ortida Moskva ikki haftadirki, tan olishni xohlamayotgan, ammo kalavaning asosiy uchi bo‘lgan masala turibdi – bu ham bo‘lsa terakt uyushtirilayotgani haqida AQSHning avvaldan berilgan ogohlantirishidir. Rossiya amaldorlari, hatto, Putin ham terakt sodir bo‘lganga qadar buni provokatsiya deb atadi. FXX rahbari Bortnikov teraktdan bor-yo‘g‘i bir necha soat o‘tib, qo‘lida hech qanday dalilsiz ish ortida Kiyev turganini ishonch bilan aytdi. AQSHning ogohlantirishlari haqidagi savollarga esa shunchaki “ignor” munosabatda bo‘lindi. Buyog‘ini so‘rasangiz, Rossiyani terakt haqida nafaqat Amerika, balki Eron ham ogohlantirgan ekan. “Reuters” agentligi tugayotgan haftada o‘zining uchta manbasiga tayanib, Eron Moskva yaqinidagi "Krokus Siti Holl”ga hujumdan oldin Rossiyani terrorchilik operatsiyasi ehtimoli haqida ogohlantirganini aytib chiqdi. 

“Tehron hujumdan bir necha kun oldin Moskvaga Rossiyada sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik terakt haqida ma’lumot bergan. Ma’lumotlar Eronda portlashlarni tashkillashtirishda gumon qilinib, hibsga olinganlarni so‘roq qilish natijasida olingan”, deb yozgan “Reuters”.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Eronning ehtimoliy ogohlantirishlaridan xabardor emasligini aytgan. “Reuters”ning uch manbasidan biri esa Eron tomonidan Moskvaga uzatilgan ma’lumotlarda hujumning ehtimoliy nishoniga oid belgilar mavjud emasligini urg‘ulagan. Shu bilan birga, Eron rasmiylari Rossiyani ISHIDning Afg‘onistondagi yacheykasi “Viloyati Xuroson” guruhining ba’zi a’zolari, ehtimol, terrorchilik hujumlarini amalga oshirish maqsadida bu mamlakatga borgani haqida ogohlantirgan.Teraktni ISHID amalga oshirgani haqidagi o‘nlab faktlar keltirilsa ham Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashining 72 yashar keksa kotibi Nikolay Patrushev o‘z aytganida turib olgan. “Yo‘q! Teraktni Kiyev rejimi uyushtirgan, tamom, muhokamaga o‘rin yo‘q, Kiyev dedimmi, Kiyev, mendan isbot so‘ramang”, degandek ish tutyapti bobo. U bu haqda shu hafta Ostonada o‘tgan SHHT majlisida so‘z ochdi.Unga ko‘ra, Kiyev rejimi to‘liq Qo‘shma Shtatlar tomonidan nazorat qilinadi.

“Krokusdagi terakt izlari Ukraina maxsus xizmatlariga olib bormoqda. Kiyev rejimi esa to‘liq AQSH nazoratida ekani hammaga ma’lum. Ular esa bizni terakt ortida Kiyev emas, balki radikal islomchilar, ehtimol ISHIDning afg‘on bo‘limi turibdi, deb ishontirmoqchi bo‘lishdi. Biz esa ISHID va boshqa terrorchi tashkilotlarni AQSHning o‘zi yaratganini yaxshi bilamiz”, degan Patrushev. 

Patrushevning ta’kidlashicha, teraktning bevosita aybdorlari, shuningdek, ularning sheriklari Ukraina tomonidan “o‘tish uchun darcha tayyorlanayotgan” chegarada hibsga olingan.Rossiyaning barcha rasmiylari AQSHning terakt haqida ogohlantirish berganini rad etib kelayotgan bir paytda AQSH haqiqatdan ham ogohlantirish bergani Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkinning esiga tushib qoldi. U bu haqda jurnalistlarga shunday degan: 

“Ha, haqiqatdan ham Federal xavfsizlik xizmati AQSH razvedka xizmatlaridan, afsuski, terakt bo‘lishi mumkinligi haqida aniq ma’lumot olgan. Ammo rossiyalik hamkasblarimiz aytganidek, ma’lumotlar juda umumiy edi va bu dahshatli jinoyatda ishtirok etganlarni to‘liq aniqlashga imkon bermadi”. 

Shaxsan men Rossiya rasmiylarini tushunmayapman. Bir qarasang, terakt ortida AQSH turibdi deydi, ogohlantirish berilganini rad etadi, bir qarasang, ogohlantirish bergan, lekin aniq bermaganda deb “mazgi” qotiradi. Janoblar, o‘zaro kelishib olinglar! 

“Krokus Siti Holl”dagi teraktdan ikki hafta o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu voqea fonida dunyodagi vaziyatga, terrorchilik xurujlariga nisbatan munosabat bildirdi. U xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi. 

Prezident so‘zining avvalida murakkab va tahlikali zamonda yashalayotgani, Yaqin Sharqdagi va asosiy hamkorlar o‘rtasidagi mojarolar yechim topmayotgani, shu jumladan Moskva viloyatidagi mudhish terakt oqibatida xalqaro vaziyat yanada jiddiy tus olayotganini tilga olgan. U bunday murakkab sharoitda iqtisodiyotga, aholi daromadlariga salbiy ta’sirni kamaytirish eng muhim vazifalardan biri ekanini aytdi. Ushbu sessiyada bir yildan buyon Toshkentni boshqarib kelayotgan Shavkat Umurzoqov hokimlikka rasman tasdiqlandi. Bugungacha matbuot, ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun sirli va daxlsiz shaxs bo‘lib kelayotgan Umurzoqov bundan keyin qanday ishlaydi, u va uning jamoasi matbuotga ochiladimi, qilayotgan ishlari, qiladiganlari haqida hisob beradimi, bunisi hozircha mavhum. Toshkentning sobiq hokimi, poytaxtni 2018 yil apreldan 2023 yil yanvargacha boshqargan va noinsof degan nom bilan lavozimidan ozod etilgan Jahongir Ortiqxo‘jayev esa so‘nggi oylarda hali u, hali bu YouTube kanalida intervyu berish, ayrimlarida o‘zini qanday yaxshi tadbirkor, qanday yaxshi inson ekanini aytish, boshqasida egalik qilayotganlarini ko‘rsatish bilan band. Shunday intervyularning birida u o‘zining umuman kitob o‘qimasligini aytdi. Jamoatchilik esa bu orqali butun boshli qayta qurilayotgan Toshkentni 5 yil kim boshqarganini bilib oldi.

Tugayotgan haftada Isroil Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida konsullik binosi zarar ko‘rgan. 

Eronning Damashqdagi elchisi Husayn Akbariyning aytishicha, uning mamlakati Isroilga "tez, to‘g‘ridan to‘g‘ri va qat’iy" javob qaytaradi. U Isroil F-35 qiruvchi samolyotlari yordamida Eron konsulligi binosiga 6 marta raketa hujumi uyushtirganini bildirdi.Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi hujum oqibatida 13 kishi, jumladan ikki general halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bular brigada generali Muhammad Rizo Zohidiy va brigada generali Muhammad Hodi Haj Rahimiy hamda tashkilotning 5 nafar xodimi.BMT va ba’zi a’zo davlatlar havo hujumini qoraladi. Ayni paytda AQSH Eronni Isroil va Amerika nishonlariga hujum qilishda aybladi. Davlatlarning bunday pozitsiyalari Rossiya talabi bilan chaqirilgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida bildirildi.Yig‘ilishda so‘zga chiqqan BMT Bosh kotibining Yaqin Sharq, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha o‘rinbosari Muhammad Xolid Xiari Eron ham BMT Bosh kotibiyatiga, ham BMT Xavfsizlik Kengashiga maktub yo‘llab, diplomatik missiyaga hujum qilingani haqida xabar berganini aytdi.Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasining Muvaqqat ishlar vakili Zahra Arshadi BMT Xavfsizlik kengashini Eronning Damashqdagi konsulligiga qilingan hujumni keskin qoralashga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Isroilning beqarorlashtiruvchi va mas’uliyatsiz harakatlari mintaqaviy va xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid solmoqda.

“Isroil keskinlikni kuchaytirishga harakat qilmoqda, chunki buning uchun jazolanmayapti. U tinch aholini o‘ldirishdan, ochlikni urush quroli sifatida qo‘llashdan tiyilmaydi. Har qanday holatda ham aparteid, etnik tozalash, genotsid va harbiy maqsadlarga erishish uchun o‘z vakolatidan noqonuniy foydalanadi”, degan Arshadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron vazminlik bilan harakat qiladi, lekin hamma narsaning chegarasi bor. Diplomat Tehron xalqaro huquq va BMT Nizomiga muvofiq javob berish uchun qonuniy huquqlarini saqlab qolishini ta’kidladi.O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa Isroilning Eron konsulligi binosiga uyushtirgan havo hujumini keskin qoraladi. Bayonotda O‘zbekiston xorijiy davlatlarning diplomatik va boshqa vakolatxonalariga hujum qilinishini mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat hamda xalqaro diplomatik huquq asoslari va tamoyillarini eng qo‘pol ravishda buzilishi, deb hisoblashi aytilgan.Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanoniyga ko‘ra, Tehron “tajovuzkorni qanday jazolash”ni hal qiladi. AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi esa 4 aprel kuni Eron 48 soat ichida Isroilga  kuchli zarba berishini taxmin qilib chiqdi. "Voxnews" nashrining yozishicha, Suriyadagi Eron konsulligining yo‘q qilinishi yana bir urush xavfini yuzaga keltirmoqda. Amerika razvedkasi esa olovga moy sepgandek, Eronning bunga javoban Isroilga "halokatli zarba" berishidan Tel-Avivni ogohlantirgan. 

"Eron Isroildagi strategik nuqtalarga o‘z dronlari va raketalari bilan hujum qilishni rejalashtirmoqda", deydi "Al Mayadeen" telekanali.

Isroil hukumati esa Eron tahdidi tufayli dunyo bo‘ylab 28 ta diplomatik vakolatxonasining faoliyatini to‘xtatdi.4 aprel kuni Eronning kutilayotgan javob hujumiga "misli ko‘rilmagan tayyorgarlik" doirasida Isroil Tashqi ishlar vazirligi xavfsizlik rasmiylari bilan maslahatlashgan holda dunyo bo‘ylab bir qator elchixonalarini evakuatsiya qilishga qaror qilgan. Bundan oldin esa Isroil Mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Xagari Isroil harbiylari barcha jabhalarda voqealar rivojiga yuqori darajada shay ekanini aytgan. U CNN telekanaliga bergan intervyusida zarba Damashqdagi konsullikka emas, Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining harbiy inshootiga qaratilganini bildirdi. Uning iddaosiga ko‘ra, bu inshoot fuqarolik binosi sifatida niqoblangan.Vashington esa Suriyadagi Eron konsulligiga berilgan havo zarbasidan keyin Eron va Isroil o‘rtasida keng ko‘lamli urush boshlanishi ehtimolidan xavotirda. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi so‘z ochdi.Kirbi jurnalistlar bilan muloqotda AQSH tomonidan Isroilga ko‘rsatilayotgan xavfsizlik yordami faqat G‘azo sektori uchun emasligini unutmaslikka chaqirgan. 


“Qo‘shma Shtatlar Isroil bilan birga bo‘ladi, biz bu tahdidlardan himoyalanishda sizga yordam berishda davom etamiz", deya xulosa qildi Kirbi.

4 aprel kuni Eron rahbari va ruhiy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘zining X sahifasida Isroilni konsullik bo‘limiga havo hujumi uyushtirgani uchun tavba qilishga majbur qilishini ibroniy tilida yozdi.Boshqa tomondan qaralsa, bu yana Eron va Amerika o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytiradigandek. Yodingizda bo‘lsa, AQSHning Baydendan avvalgi rahbari Donald Tramp ham prezidentligining so‘nggi yilida AQSHning Bag‘doddagi aeroportga bergan havo zarbasi oqibatida Eronning Islom inqilobi posbonlari korpusining “Al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy halok bo‘ldi. Eron esa bu uchun AQSHdan o‘ch olishga kirishdi. Xo‘sh, Eron Suriyadagi zarba uchun o‘chni kimdan oladi – ijrochi bo‘lgan Isroildanmi yo ish boshida qurol bilan ta’minlab turgan  AQSHdanmi? Darvoqe, bu yil AQSHda saylov, Bayden ham ketishi mumkin va uning ham oxirgi yili Eron bilan keskinlashuv bilan yodda qolyapti. 

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi so‘nggi 20 yil ichida ilk bor munitsipal saylovlarda asosiy muxolifatdagi “Jumhuriyat xalq” partiyasiga mag‘lub bo‘ldi. 

Saylovda “Jumhuriyat Xalq” partiyasi yirik shaharlar merlari lavozimlari uchun kurashda 37,7 foiz, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi esa 35,4 foiz ovoz olgan.Oxirgi o‘n yilliklarda birinchi marta muxolifat respublikaning barcha yirik shaharlarida, jumladan Adana, Anqara, Antaliya, Bursa, Izmir va Istanbulda g‘alaba qozondi.Mansur Yavash yana Anqara meri bo‘lib qolmoqda, u 60,4 foiz ovoz bilan “Adolat va taraqqiyot” partiyasidagi asosiy raqibi Turg‘ut Oltinok (31,6 foiz)ni ortda qoldirdi. Ekrem Imomo‘g‘li 51,1 foiz ovoz bilan Istanbul meri lavozimida qolmoqda. Unga qarshi bo‘lgan Erdo‘g‘anning odami Murat Kurum 39,5% ovoz olgan. U 2019 yildan beri Istanbulni boshqarib keladi, o‘shanda u saylovlarda 54,2 foiz ovoz olgan. Imomo‘g‘li 2028 yilda bo‘lib o‘tadigan Turkiya Prezidenti saylovida potensial nomzod sifatida ko‘riladi.Bu safar Erdo‘g‘an qayta saylov o‘tkazamiz demadi. Kutilmagan samimiyat bilan partiyasi saylovda kerakli natijalarga erisha olmaganini tan oldi, ammo bu “oxiri emas, balki burilish nuqtasi” ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi kerakli xulosalar chiqaradi, sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qiladi va yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatadi.Saylovdagi eng muhim g‘alabani aytaymi? Unda 22 yoshli Zaynab Chelik mamlakatning eng yosh hokimi bo‘ldi. Chanoqqal’a viloyatining Yeniche tumanidagi Kalkim shaharchasi uchun saylovda mustaqil nomzod sifatida qatnashgan Chelik hokimlik kurashida yutib chiqdi. Endi u 5 yil davomida ushbu kursini egallaydi, xalqdan bo‘lak hech kim uni lavozimiga layoqatsizlikda, noinsoflikda ayblolmaydi. Turkiyaning taniqli ishbilarmonlaridan biri Mehmet Chelikning qizi bo‘lgan Zaynab jami 1983 saylovchiga ega Kalkim shaharchasida 47,9 % ovoz bilan yetakchilikni qo‘lga kiritgan. U 40 % ovoz bilan mag‘lubiyatga uchragan "Adolat va taraqqiyot" partiyasi nomzodi Ibrohim Tashkinni ortda qoldirgan.31 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya rahbari Erdo‘g‘anga qo‘ng‘iroq qilib, uni mamlakatda demokratik yetuklik bilan o‘tkazilgan mahalliy saylovlar bilan tabrikladi. 

Turkiyadan uzoqlashmaymiz. Mamlakatda O‘zbekiston fuqarosi terrorchilikda gumonlanib qo‘lga olindi. 

Gap shundaki, 27 mart kuni Turkiya mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ISHID xalqaro terrorchilik guruhiga a’zo deb gumon qilinayotgan 70 kishi ushlangan. Ular orasida 1 nafar 39 yoshli Andijon viloyatida tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi ham borligi aniqlangan. Advokatlar aralashuvi natijasida o‘zbekistonlikning aytilgan terrorchilik guruhiga aloqasi borligi haqidagi vajlar o‘z isbotini topmagan va qo‘yib yuborilgan.Shundan kelib chiqib, konsulxona Turkiyaga borishni rejalashtirgan o‘zbekistonliklar uchun o‘z tavsiyalarini berdi:

Bu:

•  Telegram, Instagram, Tik-Tok, YouTube va WhatsApp'dagi ekstremistik kanal va saytlarga a’zo bo‘lmaslik;
•  mobil telefonlarda bilib-bilmay mutaassiblik ruhidagi nashidalar (qo‘shiqlar), ma’ruzalar, suratlarni saqlamaslik va tarqatmaslik;
•  elektron pochta orqali noma’lum shaxslardan kelgan diniy mazmundagi da’vat va tanishuv haqidagi takliflarga javob bermaslik kerak.

Eslatib o‘tamiz, yanvar-fevral oylarida 163 nafar o‘zbekistonlik mamlakatga kiritilmay, Turkiya aeroportlaridan ortga qaytarib yuborilgan. Yana shunga ham to‘xtalib o‘tish o‘rinliki, Turkiyada kuchaytirilgan xavfsizlik choralari va Moskvadagi terakt fonida tugayotgan haftada Tojikiston fuqarolariga vizasiz kirish rejimi to‘xtatildi. Shu haftada esa Prezident Erdo‘g‘an Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, terrorchilik tashkilotlari va ularning tarafdorlariga mintaqa kelajagida o‘rin bo‘lmasligini aytdi. Xavfsizlik kengashi yig‘ilishidan so‘ng, Turkiya politsiyasi va razvedka xodimlari Turkiyadagi shaxslar va kompaniyalar haqida ma’lumot to‘plagan va Isroil razvedka xizmatlariga uzatayotgan sakkiz kishini qo‘lga olgani ma’lum bo‘ldi. 

“Tergov natijasida ushbu shaxslar Isroil razvedkasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgani, Turkiyadagi odamlar va kompaniyalar haqida Isroil razvedkasining [qiziqish] ob’ekti bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plagani aniqlandi. Hujjatlar Isroil razvedka xizmatlariga to‘plangan”, deydi Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya. 

Yil boshida Turkiya kontrrazvedkasi mamlakat ichkarisida turib Isroilning razvedka xizmati “Mossad”ga ishlaganlik gumoni bilan 34 kishini qo‘lga olgan edi. Mahalliy OAVning yozishicha, Isroil Turkiyaga qarshi josuslik urushini boshlagan. 

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi terrorchilik xurujlari haqida tarqalgan chaqiriqlar haqida muhim ogohlantirish bilan chiqdi. 

Aytilishicha, oxirgi vaqtlarda dunyoning turli mamlakatlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlaridan so‘ng, O‘zbekiston hamda qo‘shni davlatlar fuqarolariga internet ijtimoiy tarmoqlari orqali pul mukofoti evaziga savdo va ko‘ngilochar markazlar, maktablar hamda boshqa jamoat joylarini minalashtirish taklif qilingan xabarlar kelib tushmoqda.Bu kabi provokatsion xabarlar asosan Telegram messenjeri orqali yuborilib, unda noma’lum shaxslar turli miqdorda pul to‘lash, qurol-yarog‘ bilan ta’minlash va harakatlar rejasini yuborishga va’da berib, ushbu harakatlarga rad javobini e’tiborga olmaydilar. Eng xavfli jihati shuki, yovuz niyatli shaxslarning xabarlari ko‘p hollarda bolalarga yuborilmoqda. Shuningdek, bolalarning shaxsiy ma’lumotlari orqali ularni qo‘rqitish holatlari kuzatilmoqda. Provokatorlar o‘zlarining fotosuratlari va raqamlarini yashirgan holda faoliyat yuritadilar.Vazirlik fuqarolardan ogoh bo‘lishni va bunday xabarlar kelib tushsa, darhol "102" raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ichki ishlar organlariga xabar berishni so‘ragan

2023 yil 3 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ostonada emas, Toshkentda emas, aynan kutilmaganda Chimkentda norasmiy uchrashgan edi. Mirziyoyevning Chimkentga bor-yo‘g‘i bir necha soatlik tashrifi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning 2023 yil 28 fevral kuni avval Qozog‘istonga, so‘ng 1 mart kunlari O‘zbekistonga safaridan keyin yuz bergandi. O‘shanda Mirziyoyev va To‘qayev AQSH bilan munosabatlarga bog‘liq masalalarni muhokama qilganmi yo yo‘q, bunisi mavhum. Ammo Blinken o‘z tashrifida ikki davlatni ham Rossiyadan kutilayotgan agressiyadan ogohlantirib ketgan edi. Mirziyoyev va To‘qayevning galdagi uchrashuvi 5 aprel kuni Xorazmda bo‘lib o‘tdi. Ahamiyatlisi shundaki, ushbu uchrashuv yana AQSH rasmiylarining Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifidan keyin yuz beryapti. Xususan, AQSHlik senator Stiven Deyns joriy yilning 26 mart kuni avvaliga Qozog‘istonga bordi. So‘ng Vakillar palatasi qo‘mitasi raisi, kongressmen Mayk Rojers hamrohligida O‘zbekistonga kelib, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov bilan uchrashdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi. Prezidentlar Mirziyoyev va To‘qayevning Xorazmdagi uchrashuvi amerikalik rasmiylarning tashrifi bilan qanchalik bog‘liq, bunisi sirligicha qolmoqda, ammo o‘tgan yili Chimkent va bu yil Xorazmda o‘tayotgan uchrashuvlar deyarli bir-biriga o‘xshash. Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibini ko‘rib chiqqan va xalqaro tuzilmalarda o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha eslatmalarni solishtirgan. Muzokaralar chog‘ida Prezidentlar Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratgani aytilmoqda. Prezidentlar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi 6-maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning borishi, shuningdek, C5+ formatidagi o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan. Biroq O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarlarda bu haqda miq etilmagan. C5+1 formati Markaziy Osiyoning besh mamlakati va AQSHni o‘z ichiga oladi va 2023 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo Prezidentlari va AQSH rahbari Jozef Bayden bir stol atrofida jam bo‘lgandi. O‘shanda Bayden C5+1 Iqtisodiy hamkorligi doirasida yangi biznes-platforma yaratilishini ma’lum qilgan.Shundan so‘ng, AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Donald Lu noyabr oyida Toshkentga keldi va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida o‘tgan uchrashuvda Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek, mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga kirishini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlangan. AQSH Prezidentining maxsus yordamchisi, Milliy xavfsizlik kengashining Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Nikolas Berliner esa joriy yilning mart oyi o‘rtalarida Qozog‘istonga borib, Qo‘shma Shtatlar hozirgi geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida mintaqaning iqtisodiy qudratini mustahkamlash uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan konstruktiv sherik bo‘lishni xohlashini aytib qaytdi. 

“Biz global geosiyosatda katta tebranishlar kuzatilayotgan bir davrda yashayapmiz, Markaziy Osiyo bu siljishlarning markazida turgani uchun buni yaxshi his qiladi va hozir oson vaqt emas. Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoga barqarorlikni va iqtisodiy qudratini oshirish imkonini beradigan eng konstruktiv hamkor bo‘lishni istaydi”, degan Berliner.

Xullas, Mirziyoyev va To‘qayevning Xorazmdagi uchrashuvi faqat rasmiyatchilikdan iborat bo‘lmagan. Prezidentlar Xivadagi Ichan qal’a majmuasiga, Nurillaboy saroyiga borgan. So‘ng To‘qayev sharafiga qabul marosimi tashkil etilgan. Kunning ikkinchi yarmida Mirziyoyev To‘qayevni yana yo‘lga kuzatib qo‘ygan. 

Rossiyada endi migrantlarga yanada qiyin bo‘lishi kutilmoqda. Rossiya Ichki ishlar vazirligi migratsiya qonunchiligining bir qator qoidalarini kuchaytiruvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. 

Hukumatga taqdim etilgan qonun chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiyaga kirishi va chiqishini tartibga soladi. 

Qonun loyihasida:

•  Rossiyada noqonuniy bo‘lgan chet elliklar va Rossiyadan chiqib ketishlari cheklanganlar uchun "nazorat ostida bo‘lish" rejimini o‘rnatish;
•  xorijliklarning Rossiyada bo‘lish muddatini ilgari bo‘lgani kabi olti oy emas, balki kalendar yili davomida 90 kungacha cheklash taklif qilingan.
•  chet elliklar bilan "sodiqlik shartnomasi"ni tuzish, ularni Rossiyada bo‘lishlarini cheklash imkoniyati yoki qonunlarni buzgan taqdirda mamlakatni tark etish huquqi to‘g‘risida ogohlantirish;
•  chet el fuqarolarining Rossiyada bo‘lishi ustidan ma’muriy nazoratni politsiyaning funksiyalaridan biriga aylantirish taklif qilinmoqda. 

Ichki ishlar vazirligi vakili Irina Volkning so‘zlariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi tomonidan kiritilgan qonun loyihasi chet elliklarning "ayrim huquqlarini cheklash" va "ularga qo‘shimcha mas’uliyat yuklash" bilan bog‘liq choralarni qo‘llash imkonini beradi.Isroilning G‘azo sektoriga harbiy hujumi boshlanganidan beri halok bo‘lgan falastinliklar soni 33 mingdan oshdi, jarohat olganlar esa 75 mingdan ko‘p. Ayrim halok bo‘lganlarning jasadlari vayronalar ostida qolgani, shifokorlar ularga hali yetib bora olmayotgani aytilmoqda. G‘azodagi gumanitar vaziyat esa kun sayin og‘irlashib bormoqda. Ismini e’lon qilishni istamagan turkiyalik saxovatpesha esa o‘zi yashab turgan uyni sotib, lyuks hayotidan voz kechib, qo‘lida bor puliga G‘azodagi oilalarga 150 ta chodir boshpana qurdirdi. Endi o‘zingizga savol bering: siz qanchalik o‘zingizda borlardan boshqalar uchun kecha olasiz? Uzoqdagilarga yetolmaslik bor gap, hech bo‘lmasa yon-atrofingizdagilarning xolidan xabar olyapsizmi? Shukurni kanda qilmayapsizmi? Ko‘rishamiz.

 


Maqola muallifi

Teglar

IShID Turkiya Eron Erdo'g'an Qosim-Jomart To'qaev G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing