G‘azoda och uyquga ketgan oila Isroil hujumida halok bo‘ldi

Olam

image

Gazo shahridagi uyida och holda uxlashga yotgan Al-Sha’r oilasi Isroil havo hujumi sababli ortiq uyg‘onmadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, bu oila – mustaqil jurnalist Vala al-Ja’bariy, uning turmush o‘rtog‘i va besh nafar farzandi – sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, oxirgi 24 soat ichida Isroilning havo hujumlari va otishmalarida halok bo‘lgan 100 dan ortiq odam orasida edi. 23 iyul kuni ularning jasadlari portlatilgan uylari yonida oq kafanlarga o‘ralgan holda yotardi. Ismlari ruchkada yozilgan, kafan orqali qon sizib chiqib, ularni qizilga bo‘yagan edi.

“Bu mening amakimning o‘g‘li. U 10 yoshda edi. Biz ularni vayrona ostida topib oldik”, deydi Amir al-Sha’r jasadlardan birini ko‘targan holda.

“Bolalar yeb ichmasdan uxlashgandi. Hech narsa yemagan edi, shunda portlash bo‘ldi”, deydi oilaning shu yaqin atrofda yashaydigan yana bir qarindoshi Iman al-Sha’r.

Isroil armiyasi oila yashagan uyga qilingan hujum haqida darhol izoh bermadi. Ammo ularning ma’lum qilishicha, so‘nggi bir kunda Gazo bo‘ylab 120 ta nishonga zarba berilgan. Isroil tomonining iddaosicha, nishonlar orasida “terroristik guruhlar, harbiy infratuzilma, tunnellar, mina qo‘yilgan binolar va qo‘shimcha terrorchi ob’ektlar” bor.

Qarindoshlar aytishicha, ba’zi qo‘shnilar hujum paytida ovqat qidirib ko‘chaga chiqishgan va faqat shu sababli omon qolgan.

Gazo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, yana o‘n nafar falastinlik bir kecha-kunduzda ochlikdan halok bo‘ldi. Shu bilan ochlikdan nobud bo‘lganlar soni 111 nafarga yetdi. Ulardan aksariyati so‘nggi haftalarda halok bo‘lgan, chunki ochlik Gazoga to‘fondek kelmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 23 iyul kuni ma’lum qilishicha, joriy yil boshidan beri besh yoshgacha bo‘lgan 21 nafar bola ochlikdan nobud bo‘lgan. Martdan maygacha bo‘lgan 80 kun mobaynida ular umuman oziq-ovqat yetkaza olmaganini aytdi. Hozirgi kunda yetib borgan yordam miqdori esa yetarli darajada emas.

Kecha, 23 iyul kuni 111 ta tashkilot, jumladan Mercy Corps, Norvegiya Qochqinlar Kengashi va Refugees International qo‘shma bayonot berib, G‘azoda ommaviy ochlik avj olayotgani, biroq tonnalab oziq-ovqat, toza ichimlik suvi va dori vositalari sektor tashqarisida turgani, yordam tashkilotlari ularni yetkazib bera olmayotganini bildirdi.

Isroil mart oyi boshidan G‘azoga barcha yetkazib berish yo‘llarini to‘sgan edi, may oyidan boshlab cheklovlar bilan qayta ochdi. Isroil yordamga ruxsat berishga sodiq ekanini ta’kidlamoqda, ammo uni kuzatuv ostida ushlash kerakligini aytayapti, chunki yordam “terroristlar qo‘liga tushib qolishi” mumkin. Yahudiy davlati ushbu urush davrida G‘azoga yetarlicha oziq-ovqat kiritilganini aytmoqda va falastinliklarning azob-uqubatida HAMASni ayblamoqda.

Shuningdek, Isroil BMTni o‘z vaqtida harakat qilmayotganlikda aybladi. Isroil hukumat matbuot kotibi Devid Merser 23 iyul kuni shunday dedi: 

“G‘azo ichida 700 ta yordam yuk mashinalari turibdi. Ular endi kelib, ularni tarqatishi kerak. Isroilni ayblashni to‘xtatishsin”.

BMT va G‘azoga yordam yetkazishga urinayotgan tashkilotlar esa Isroilni bu jarayonni bo‘g‘ib qo‘yganlikda ayblamoqda. May oyidan beri yordam olish nuqtalarida yuzlab falastinliklar Isroil askarlari tomonidan o‘ldirilgan.

“Biz G‘azo ichida ishlash uchun eng minimal sharoitlarga ega bo‘lishimiz kerak. Eng muhimi shuki, tarqatish nuqtalari va yuk kolonnalari yaqinida qurolli guruhlar bo‘lmasligi shart”, dedi BMTning Jahon Oziq-ovqat dasturi favqulodda holatlar direktori Ross Smit. 

Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon esa kecha, 23 iyul kuni Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida endilikda Isroil BMTning Insonparvarlik ishlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) xalqaro xodimlariga faqat bir oylik vizalar berishini ma’lum qildi.

Tinchlik muzokaralarining susayishi

G‘azoda urush qariyb ikki yildan beri davom etmoqda. Shundan beri Isroil G‘azoda qariyb 60 000 falastinlikni o‘ldirdi, HAMASning harbiy qudratini deyarli yo‘q qildi, mintaqaning asosiy qismini vayronaga aylantirdi va aholining deyarli barchasini bir necha bor uylarini tashlab chiqishga majbur qildi.

AQSH Prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiv Uitkoff hafta davomida Yevropaga tashrif buyurib, G‘azo urushi va boshqa masalalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.

G‘azo bo‘yicha o‘tish muzokaralari va vositachilik jarayonlari bilan yaqin tanish bo‘lgan bir falastinlik rasmiyning “Reuters” agentligiga ma’lum qilishicha, HAMAS o‘zining otashkesim bo‘yicha taklifga javobini vositachilarga taqdim etgan, ammo tafsilotlar oshkor qilinmagan.

Isroil va HAMAS o‘rtasida 60 kunlik otashkesim takliflari bo‘yicha muzokaralar Qatar va Misr vositachiligida, Vashingtonning qo‘llab-quvvatlashi bilan olib borilmoqda. Ushbu reja G‘azoda hali ham ushlab turilgan 50 nafarga yaqin garovdagi shaxslardan yana bir qismini ozod qilishni o‘z ichiga oladi.

Mart oyidagi otashkesim kelishuvining buzilganidan beri o‘tkazilgan bir necha bosqichli muzokaralar hech qanday natija bermadi.

“Garovdagilarni qaytarish bo‘yicha intensiv muzokaralar ketmoqda va umid qilamanki, yaqin kunlarda yaxshi xabar eshitamiz”, dedi Isroil Prezidenti Isxak Gersog 23 iyul kuni G‘azoga qilgan tashrifi chog‘ida askarlar bilan suhbatda.

Yuqori lavozimli falastinlik rasmiy “Reuters” agentligiga ma’lum qilishicha, HAMAS Dohadagi vositachilarga so‘nggi takliflarga javob taqdim etishi mumkin, biroq buning uchun ikki muhim masala yuzasidan o‘zgartishlar talab etiladi:

  1. Isroil armiyasining G‘azodan chiqib ketishi bo‘yicha aniq tafsilotlar;
  2. Otashkesim vaqtida yordam tarqatish tartibi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu rahbarligidagi hukumatda HAMAS to‘liq yo‘q qilinmasdan turib biror kelishuvga rozi bo‘lishga qarshi bo‘lgan o‘ta o‘ng partiyalar mavjud. Masalan, Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich “Army Radio” radiostansiyasiga shunday degan:

“Agar Bosh vazirda ojizlikni ko‘rsam, va hudo saqlasin, bu jarayon HAMAS to‘liq taslim bo‘lmasdan, balki biz taslim bo‘layotgandek tugallanishiga ishona boshlasam, men hukumatda bir kun ham qolmayman”.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil ochlik G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing