G‘azoda Xon Yunus uchun kurash bir necha oy davom etishi mumkin – WSJ 

Olam

image

Isroil armiyasining G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahri uchun janglari bir necha oy davom etishi mumkin. Bu haqda manbalarga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Isroil armiyasining yuqori martabali vakili, Xon Yunusdagi qo‘shinlar qo‘mondoni yahudiy davlati shahar ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi uchun bir necha oy o‘tishi mumkinligini aytgan. Bu anklav janubida HAMASning mavjudligi ko‘lami Isroil tomoni kutganidan kattaroq bo‘lgani bilan bog‘liq. 

"Endi ular shunday yo‘l tutishmoqda: ular bizning askarlarimizni ta’qib qilmoqdalar va keyin tunnellarga qaytishmoqda", deydi isroillik qo‘mondon.

Harbiy ofitserning qo‘shimcha qilishicha, Isroil armiyasi o‘z qo‘shinlariga zarar yetkazmaslik uchun G‘azo janubida havo hujumlarini kamroq qo‘llaydi. Shu bilan birga, yahudiy davlati harbiy xizmatchilari ko‘pincha razvedka ma’lumotlarini yig‘ish uchun bino ichiga birinchi bo‘lib kirib boradi va shundan keyingina unga zarba beradi. Biroq harbiy hamjamiyatning ayrim vakillari havo hujumlaridan cheklangan darajada foydalanish Isroil harbiylari orasida qurbonlar sonini ko‘paytiradi, deb hisoblaydi.

Gazetaning ta’kidlashicha, Isroil kuchlari chiziqning janubiy qismida, anklav shimolida bo‘lgani kabi, barcha aholi punktlaridagi odamlarni zudlik bilan evakuatsiya qilmaydi, balki faqat hujum qilish rejalashtirilgan hududlarga yaqin joylashgan tinch aholini ko‘chiradi. 

Shu bilan birga, sektor Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Ashraf al-Kedraning ta’kidlashicha, Xon Yunusdagi vaziyat butun sektordagi vaziyatdan farq qilmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘lganlarning 70 foizi ayollar va bolalardir.  

“Agar [Isroil] armiyasi halok bo‘lganlar jangarilar ekanini aytsa, hech bo‘lmaganda bitta ismni aytib qo‘ysin”, deydi u.

"The Wall Street Journal" gazetasining qayd etishicha, Isroil tez orada G‘azodagi operatsiyaning uchinchi bosqichiga o‘tishni rejalashtirmoqda. Gazeta iqtibos keltirgan tahlilchilarga ko‘ra, hozirgi bosqichda yahudiy davlati o‘z qo‘shinlarining katta qismini G‘azo bilan chegaraga qayta joylashtirish va HAMASning hududdan hujumlarini to‘xtatishga harakat qilish niyatida. Isroil Milliy Xavfsizlik Kengashining sobiq rahbari Giora Eylandning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo ustidan nazoratni saqlab qolgan holda kamroq shiddatli jangovar harakatlarga o‘tish doirasida Isroil anklav ichida chegara bo‘ylab o‘tadigan kengligi yarim milyadan sal ko‘proq (taxminan 800 m) bufer zonasini yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS Xon Yunus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing