G‘azoda qurbonlar soni 62 mingdan oshdi
Olam
−
19 avgust 1801 2 daqiqa
Isroilning qariyb ikki yildan buyon davom etayotgan harbiy amaliyotlari oqibatida G‘azo sektorida 62 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Hudud qamal ostida qolayotgani bois tinimsiz bombardimonlar va majburiy ochlik millionlab odamlarning hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Isroil ayni damda G‘azo shahriga zarbalarni kuchaytirmoqda. Bu hudud anklavning eng yirik markazi bo‘lib, bombardimonlar oqibatida vayronaga aylangan. Maqsad sifatida shaharni to‘liq egallash va yuz minglab aholining janubdagi “konsentratsiya zonalari"ga majburiy ko‘chirilishi ko‘rsatilmoqda.
Kecha, 18 avgust kuni ertalabdan boshlab G‘azo bo‘ylab uyushtirilgan hujumlarda kamida 30 nafar falastinlik hayotdan ko‘z yumdi. Qurbonlar orasida 14 nafar inson yordam olishga uringan paytda nishonga olingan.
Al-Sabra mahallasiga qilingan zarba oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘ldi, bir necha kishi jarohat oldi. Halok bo‘lganlar orasida mahalliy jurnalist Islom al-Kumi ham borligi xabar qilindi.
“Al Jazeera” muxbiri Tariq Abu Azzoumning ta’kidlashicha, Isroil G‘azo sharqida og‘ir artilleriya, qiruvchi samolyotlar va dronlardan foydalanib, hujumlarni davom ettirmoqda.
“Vayronagarchilik ko‘lami ulkan. Isroilning harbiy taktikasi quruqlikdagi harakatlarga yo‘l ochish, aholi yashaydigan hududlarni vayronalar maydoniga aylantirishga qaratilgan”, deydi Abu Azzoum.
Mahalliy manbalar Isroil hujumlari kecha-yu kunduz davom etayotganini, oddiy aholining esa oziq-ovqat, suv va dori izlab hayotini xavf ostiga qo‘yishga majbur bo‘layotganini bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, odinroq HAMAS Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani xabar qilingandi.
Jahongir Boltaboyev