G‘azoda Isroil hujumlari natijasida o‘lganlar 230 nafardan oshdi

Olam

image

Isroil armiyasining joriy yil 10 may kunidan beri G‘azo sektoriga uyushtirayotgan raketa hujumlari natijasida halok bo‘lganlar soni 230 nafarga yetdi. Bu haqda RIA Novosti Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar berdi.

Vazirlikning xabar qilishicha, qurbonlar orasida o‘nlab bolalar va ayollar bor. Achinarlisi shuki, halok bo‘lganlarning aksariyati 65 yoshga yetmaganlardir.

“Mojaro avj olgan davrdan boshlab Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan havo hujumlarida halok bo‘lgan falastinliklarning umumiy soni 230 nafarga yetdi. Shulardan 65 nafari bolalar va 39 nafari ayollardir. Bundan tashqari, 1710 kishi jarohat oldi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Mojaro boshlanganidan beri Falastin tomonidan Isroil hududiga 4070 ta raketa uchirilgan. Ularning katta qismini Isroilning “Temir gumbaz” havo hujumidan mudofaa tizimi yerga tushmasdan zararsizlantirgan.

Shunga qaramay, qarshi tomonda ham yo‘qotishlar yo‘q emas. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilda 12 kishi halok bo‘lgan, 50 dan ortiq odam jiddiy jarohat olgan.

Isroil-Falastin mojarosining keskinlashishi

Joriy yilning 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinlik arablar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilingani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi. 

Shundan so‘ng, G‘azoni nazorat qiluvchi falastinliklarning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirdi: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach, 10 may kuni ushbu harakat Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. Vaqt o‘tishi va ikki o‘rtadagi ziddiyat ortib borishi bilan bu ssenariy ko‘p marta takrorlandi. HAMAS raketa uchiraverdi, Isroil uning katta qismini zararsizlantirib, qarshi hujum bilan javob qaytaraverdi.

Isroil sudining birgina qarori va masjidga qilingan hujum shunday shiddatli harbiy harakatlarni keltirib chiqardi. Oqibatda esa G‘azo sektorida yashovchi 230 falastinlik halok bo‘ldi, 1710 dan ortiq odam jarohat oldi.

Kamola Amirova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

49

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing