G‘azoda bino qulashi oqibatida 21 nafar Isroil askari halok bo‘ldi

Olam

image

G‘azo sektorining janubidagi portlashdan so‘ng bino qulashi oqibatida 21 isroillik askar halok bo‘ldi. Bu haqda bugun, 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Isroil mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Hagariy ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, binoning qulashiga sabab bo‘lgan portlash HAMASning tankka qarshi qo‘lbola granatadan Isroil tankini o‘qqa tutishi oqibatida sodir bo‘lgan. Hagariyning aytishicha, Isroil harbiylarining hududdagi vazifasi HAMAS infratuzilmasi tarkibiga kiruvchi binolarni yo‘q qilish bo‘lgan. Hujumga uchragan tank ushbu operatsiyani amalga oshirayotgan harbiy xizmatchilar xavfsizligini ta’minlagan.

Hagariy halok bo‘lganlar orasida ko‘plab zaxiradagi askarlar ham bo‘lganini aytgan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ushbu yo‘qotishni izohlar ekan, o‘z mamlakatining armiyasi to‘liq g‘alabaga qadar HAMASga qarshi kurashni davom ettirishini ma’lum qildi. Netanyaxuning va’da berishicha, G‘azo sektori janubidagi binoning qulashi oqibatida 21 askar halok bo‘lgan voqea tekshiriladi.

SAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiya boshlanganidan beri halok bo‘lgan isroillik askarlar soni 219 nafarga yetgan. 1200 dan ortiq harbiy jarohatlangan. DPA agentligining qayd etishicha, 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroilga keng ko‘lamli hujumidan so‘ng halok bo‘lgan isroillik harbiy xizmatchilarning umumiy soni 556 kishini tashkil etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing