G‘azo janubidagi shifoxonalar 24 soat ichida yopilishi mumkin

Olam

image

Falastin Qizil yarim oy jamiyatiga qarashli G‘azo sektori janubidagi Al-Quds va Al-Amal shifoxonalari yoqilg‘i yetishmasligi sababli 24 soat ichida yopilishi mumkin. Bu haqda tashkilot vakili Nibal Farsahga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.

"Bizning Al-Quds va Al-Amal shifoxonalarimiz yoqilg‘i taqchilligi sababli 24 soat ichida yopilishi mumkin. Biz o‘nlab odamlarni tez yordam mashinalariga yuklayapmiz, imkon qadar ko‘proq qutqarishga harakat qilmoqdamiz. Biz allaqachon hech qanday tibbiy protokollarga amal qilmayapmiz, faqat insonparvarlik tamoyillariga amal qilyapmiz. Bizda dori-darmon, gumanitar yordam va yoqilg‘i tugadi", degan Nibal Farsah.

Qizil yarim oy jamiyati vakili hozirda G‘azodagi shifoxonalardagi vaziyat qanday ekanini ham aytib bergan.

"Biz har soatda yuzlab bemorlarni ko‘ramiz, lekin boshqa ilojimiz yo‘q. Bemorlar koridorlarda yotishga majbur, reanimatsiya bo‘limi uchun elektr energiyasini tejash uchun lift va konditsionerlardan voz kechishga majburmiz", deb qo‘shimcha qilgan Farsah.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini to‘liq blokada qilishini ma’lum qildi. Shu bilan  G‘azoga elektr, oziq-ovqat va yoqilg‘i kirishi to‘xtatildi. 17 oktyabr kuni tunda G‘azo sektoridagi “Al-Ahli” shifoxonasiga aviazarba berilishi oqibatida ko‘plab tinch aholi halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil shifoxona G'azo blokada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing