G‘azo bo‘yicha sulh Trampning Misrga tashrifi chog‘ida imzolanadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 12 oktyabr kuni Misrga bo‘ladigan ehtimoliy tashrifi davomida G‘azodagi mojaroni tartibga solish bo‘yicha kelishuv imzolanishini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 9 oktyabr kuni Oq uydagi hukumat yig‘ilishida so‘z ochdi.

“Biz Misrga boramiz, u yerda men ishtirok etadigan yana bir imzolash marosimi bo‘ladi – rasmiy tarzda”, deydi Tramp.

Shuningdek, Trampning bildirishicha, tinchlik kelishuvi imzolanganidan so‘ng G‘azo sektori Yaqin Sharq mamlakatlari ko‘magida bosqichma-bosqich tiklanadi.

“G‘azo sektori asta-sekin qayta quriladi. Bu mintaqada ulkan resurslarga ega davlatlar bor va hatto ularning ozgina qismi ham mo‘’jizalar yaratishga qodir. Menimcha, ko‘plab davlatlar muhim hissa qo‘shib, bu hududni qayta barpo etishga yordam beradi”, deydi Tramp.

Bundan tashqari, AQSH yetakchisi G‘azo bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni sharhlar ekan, Ukraina mojarosi ham hal etilishini aytgan.

“Bu sakkizinchi. Biz yettita urush yoki yirik mojaroni hal etdik va sakkizinchisi, menimcha, Rossiya va Ukraina bo‘ladi. O‘ylaymanki, bu ham sodir bo‘ladi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Isroil va Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi. Kelishuvga ko‘ra, asirlar eng qisqa muddatda ozod etiladi, Isroil qurolli kuchlari esa oldindan belgilangan chiziqqacha orqaga chekinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp sulh G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing