G‘azo ayollar uchun eng xavfli joy deb e’lon qilindi
Olam
−
10 dekabr 2023
5309ActionAid xalqaro nodavlat tashkiloti G‘azodagi ayollar misli ko‘rilmagan darajada zo‘ravonlikka duchor bo‘layotgani, qamal qilingan hudud ular uchun eng xavfli joyga aylanganini ma’lum qildi. Bu haqda bugun, 10 dekabr kuni WAFA agentligi xabar berdi.
"G‘azodagi ayollar misli ko‘rilmagan darajada zo‘ravonlikni boshdan kechirmoqda, Isroil tomonidan qamal qilingan hududda minglab ayollar o‘ldirilmoqda", deyiladi bayonotda.
Bu haqdagi izohlarida tashkilot "Isroilingdan yoshim katta", degani uchun sionistlar snayperi tomonidan o‘ldirilgan falastinlik keksa ayol voqeasini ham keltirgan.
“G‘azoda har soatda ikki ona, har ikki soatda yetti ayol o‘ldirilmoqda”, deyiladi hisobotda.
Umuman olganda, ayollar va bolalar jami o‘lganlar sonining qariyb 70 foizini tashkil qiladi.
Shanba kuni G‘azodagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi G‘azo shimolidagi shifoxona atrofida joylashgan isroillik snayperlar "dardi qo‘zigan" bir necha homilador falastinlik ayolni o‘ldirgani va yaralaganini ma’lum qilgan.
Matbuot xabarida G‘azo shimolidagi homilador ayollar shifoxona xizmatlaridan foydalanishi taqiqlangan, bu hali tug‘ilmagan bolalar va ayollarning o‘limiga sabab bo‘lyapti.
Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan beri Isroilning G‘azoga qarshi urushida halok bo‘lgan falastinliklar soni 17700 nafarga yetdi, ulardan 7870 nafari bolalar va 6121 nafari ayollardir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UNICEF G‘azoni bolalar uchun eng xavfli joy deb e’lon qilgan edi.
LiveBarchasi