G‘azo 5-7 yil ichida tiklanishi mumkin – HAMAS
Olam
−
08 fevral 2025 3103 2 daqiqa
Agar G‘azo sektori qo‘llab-quvvatlansa va anklavga kirish yo‘llari ochilsa, ushbu hudud 5-7 yil ichida tiklanishi mumkin. Bu haqda Falastinning HAMAS harakati vakili Sami Abu Zuhriy Turkiyaning “Hurriyet” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning ta’kidlashicha, vayronalarni tozalash va ular ostidan halok bo‘lganlar va yaradorlarning jasadini chiqarish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mexanizmlar, shuningdek, tibbiy jihozlar hali G‘azoga yetib kelmagan.
“Isroil shu yo‘l bilan G‘azo aholisiga bosim o‘tkazmoqchi. Agar kerakli yordam berilsa, chegara punktlari ochilib, barcha kerakli narsalar yetkazilsa, sektordagi restavratsiya ishlari 5-7 yil ichida yakunlanishi mumkinligiga ishonamiz”, degan u.
Shuningdek, u AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azoga Amerika qo‘shinlarini yuborishi haqidagi fikri bema’nilik va falastinliklarni haqoratlash ekanini aytgan.
“Umid qilamizki, Trampning bu so‘zlari jiddiy emas. Biz yillar davomida Isroil bosqinidan ozod bo‘lish uchun kurashdik va albatta, yangi ishg‘olga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz Trampning bayonotlarini adolatsiz va haqoratli deb bilamiz”, degan u.
Shu bilan birga, Abu Zuhriy Amerika Prezidentining bayonotlari HAMAS tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlarini bajarishiga ta’sir qilmasligini ta’kidlagan.
“Biz kelishuvning birinchi bosqichini amalga oshirishni yakunlashga qaror qildik va kelishuvlarning ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyormiz”, degan u.
Qolaversa, HAMAS vakili Isroil G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi talablarini bajarmayotganini ham qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, Isroil Falastinning HAMAS harakati, AQSH va Qatar vakillari 16 yanvar kuni kechqurun Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzoladi. 19 yanvar kuni kechqurun HAMAS birinchi asirlar guruhini ozod qildi. Ular uch nafar shaxsdan iborat bo‘lgan. Isroil esa 90 falastinlik mahbusni ozod qilgan. yanvar kuni sulh kelishuvining birinchi bosqichi doirasida asir almashishning ikkinchi raundida G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayol evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 nafar falastinlik ozod qilindi. 1 fevral kuni esa Isroil hukumati HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv doirasida 183 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Qolaversa, o‘sha kuni HAMAS harakati ham uch isroillik garovga olingan fuqaroni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirgandi.
Live
Barchasi