Gazdan uzilgan issiqxonalar 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlanadi
Jamiyat
−
28 Oktabr 2022
5083Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev issioqxonalarning gazdan uzilishi masalasini o‘rganishni Administratsiya rahbari Sardor Umurzoqovga topshirgani haqida xabar bergan edik. U o‘z navbatida mutasaddilar bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilish davomida issiqxona egalari bo‘lgan tadbirkorlar ham tinglandi. Ular o‘zlarini qiynayotgan muammolar, faoliyatidagi og‘riqli masalalar va ular yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Hududgazta’minot” AJ 700 gektardagi 268 ta issiqxonani tabiiy gazdan uzib qo‘ygan. Buning oqibatida 70 ming tonna hosil, 30 million dollarlik eksport yo‘qotilishi, eng asosiysi gazdan uzilgan issiqxonalarda band bo‘lgan 10 mingga yaqin aholi ishsiz qolishi mumkin.
Shuni inobatga olib, Energetika vazirligiga gaz ta’minotidan uzilgan barcha issiqxonalarni 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlash topshirig‘i berilgan.
Shuningdek, Hisob palatasiga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda mazkur holat yuzasidan “Hududgazta’minot” AJning hududiy boshqarma boshliqlari harakatiga huquqiy baho berish, agar ularning harakatida jinoyat alomatlari aniqlansa, qonuniy tartibda javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.
LiveBarchasi