G‘azablangan Eron Sulaymoniy uchun AQSHdan qasos olmoqchi
Olam
−
03 yanvar 2020
16110Avvalroq, AQSH harbiylarining Bag‘dod aeroportiga bergan zarbasi vaqtida Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining maxsus “Quds” bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniy halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
Pentagon Sulaymoniyni yo‘q qilish operatsiyasiga shaxsan AQSH Prezidenti Donald Tramp buyruq berganini ma’lum qildi.
“Quds” bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgach, Eron AQSHdan o‘ch olishga va’da berdi. RIA Novostining ma’lum qilishicha, shaxsan Eron Oliy rahbari Oyatullo Ali Homanaiy uchun qasos olishga va’da bergan. Bu haqda Eronning maqsadga muvofiqlik kengashi kotibi Muhsin Rizoiy ma’lum qildi.
“Shahid ketgan Qosim Sulaymoniy og‘a-inilari safiga qo‘shildi, u uchun AQSHdan o‘ch olamiz”, deb yozgan Rizoiy Twitter`dagi sahifasida.
Donald Tramp Sulaymoniyning yo‘q qilinishi bo‘yicha hech bir izoh bermadi. Vashingtonda ko‘pchilik Trampning qarorini qo‘llab-quvvatlayapti. Shu bilan birga AQSH qurolli kuchlari yuqori darajali harbiy shaylikka keltirilgan. Bag‘dodda diplomatik kvartal o‘rab olingan.
AQSH Kongressining Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi eronlik generalning amerikaliklar tomonidan yo‘q qilinishi yirik qurolli to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishi mumkinligi, Amerika beqaror harakatlardan tiyilishi kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, u Oq uydan parlamentga voqea bo‘yicha batafsil ma’lumot berishni va AQSH qo‘shimcha kuch yuboradimi-yo‘qmi aniqlik kiritishni talab qildi.
Ma’lumot uchun, Qosim Sulaymoniy Yaqin va O‘rta Sharqning eng ko‘zga ko‘ringan kishilaridan bo‘lgan. Unga Eronning xorijiy davlatlardagi tashviqotchilik harakatlarining tashkilotchisi sifatida qaralgan. AQSH Bag‘doddagi elchixonasiga hujumda ham Sulaymoniyning qo‘li borligini addao qilgandi.
LiveBarchasi