Gaz ta’minoti va kadastr tizimidagi poraxo‘r mansabdorlar ushlandi

3-sahifa

image

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida davlat tashkilotlaridagi mansabdorlar yo‘l qo‘ygan korrupsion holatlarga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Xususan, “Urguttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining mansabdor xodimi va mazkur tashkilotda muqaddam ishlagan shaxs o‘zaro til biriktirib, mahalliy MCHJga qarashli ishlab chiqarish sexiga yangi tabiiy gaz taqsimlash uskunasi o‘rnatish bo‘yicha loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish va texnik shart ruxsatnomasini olib berishni aytib, evaziga 2000 AQSH dollari talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Boshqa holatda esa Kadastr agentligining Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroga issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix sug‘oriladigan yer maydonini boshqa shaxs nomiga kadastr hujjatlarini tayyorlab, sotib olib berish evaziga muqaddam 11 600 AQSH dollari olgan. 

Biroq, mazkur mansabdor shaxs bergan va’dasini bajarmay, olgan pul mablag‘i hisobidan 49,7 mln so‘mni qaytarib bergan vaqtida uning noqonuniy harakati fosh etilgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida, u 11 600 AQSH dollari hisobidan qolgan 89,5 mln so‘mni ham jabrlanuvchiga qaytarib bergan.

Bildirilishicha, hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Navoiy viloyatlarida davlat tashkilotlarining bir guruh mansabdorlari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion holatlar aniqlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing