O‘zbekiston yetmagan Oyni gaz va “svet” narxi zabt etdi
Tahlil
−
07 may
59820Past oylik maosh, ishsizlik, inflyatsiya, yuqori narxlar, so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi, Rossiyadan migrantlarning chiqarib yuborilayotgani... Bu “O‘zbekiston 24” telekanalida hech qachon tilga olinmaydigan, ammo o‘zbekistonliklar har kuni tanasidan o‘tkazib, his qilib yashayotgan iqtisodiy muammolardir. Endi shu muammolar qatoriga 1 maydan boshlab karrasiga oshirilgan gaz va “svet” narxlari ham qo‘shildi. O‘rtacha oylik maosh 3,7 million so‘m (Statistika agentligi ma’lumoti) bo‘lgan, oziq-ovqat mahsulotlari va ijara narxi Yevropanikiga tenglashadigan O‘zbekistonda har oyda qaysidir to‘lovlar miqdori oshirilishi odat tusiga kirgan.
Eng yomoni, “islohot”larda xalqning xohish-istaklari, ijtimoiy-iqtisodiy holati inobatga olinmayapti. Neft va gaz kabi energetik resurslar ba’zi davlatlarning boyishiga, aholisi farovon yashashiga xizmat qilayotgan bo‘lsa, o‘zbekistonliklarni boyitish o‘rniga kambag‘allashtirishga xizmat qilayotgandek. Inflyatsiyani oshirish, aholini iqtisodiy tang holatga keltirishga sabab bo‘ladigan energetik islohot o‘zini oqlaydimi? QALAMPIR.UZ aholi va iqtisodchilarning bu boradagi fikrini o‘rgandi.
Yangilangan “svet” va gaz tariflari
Avval “svet” va gaz narxlari 1 maydan qanday o‘zgarganini esga olsak. Elektr energiyasi narxi iste’molchilarning I, II va IV guruhlariga kiruvchi qismiga o‘zgarishsiz qoldi – 1 kVt/soat uchun 900 so‘m va 1000 so‘m.
Iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun quyidagicha tariflar amal qiladi:
- oyiga 200 kVt/soatgacha – 225 so‘m;
- oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 450 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatgacha – 675 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 787,5 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 900 so‘mdan etib belgilandi.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib:
- oyiga 200 kVt/soatgacha – 450 so‘m;
- oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 900 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatgacha – 1 350 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 1 575 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 1 800 so‘mdan etib belgilandi.
Tabiiy gaz
Tabiiy gaz narxi barcha iste’molchilar uchun to‘lov miqdori o‘zgarishsiz, ya’ni bir kubometr uchun 1 500 so‘mdan, yirik ulgurji iste’molchilar hamda byudjet tashkilotlari uchun ham tabiiy gaz narxi o‘zgarishsiz – bir kubometr uchun 1 800 so‘mligicha qoldi.
Kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun aholiga mavsumga qarab narx belgilandi. Xususan, noyabr-fevral oylari davomida bir oydagi iste’moldan kelib chiqib:
- oyiga 500 kub metrgacha – 650 so‘m;
- oyiga 501 kub metrdan 2 500 kub metrgacha – 1 500 so‘m;
- oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha – 1 950 so‘m;
- oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2 275 so‘m;
- oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda tabiiy gaz iste’mol qiladiganlar bir kub metr uchun 2 600 so‘mdan to‘lashi belgilandi.
Mart-oktyabr oylarida iste’molchilar bir oydagi iste’molidan kelib chiqqan holda quyidagicha haq to‘laydilar:
- oyiga 100 kub metrgacha – 650 so‘m;
- oyiga 101 kub metrdan 2 500 kub metrgacha – 1 500 so‘m;
- oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha – 1 950 so‘m;
- oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2 275 so‘m;
- oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda tabiiy gaz iste’mol qiladiganlar bir kub metr uchun 2 600 so‘mdan to‘laydi.
Aholiga maishiy ehtiyojlar uchun sotiladigan suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun to‘lov 1 600 so‘m etib belgilandi. 2024 yilning 1 iyunidan boshlab esa avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun bir kub metr tabiiy gaz 1 800 so‘mdan yetkazib beriladi.
Narxlarni erkinlashtirish
Bir necha yillardan buyon iqtisodchilar energetika tizimi islohotlarga muhtoj ekani, narxlarni erkinlashtirish va iste’molchilarni toifalarga ajratish zarurati haqida gapirib keladi. O‘zbekistonda iste’molchilarga 1 mayga qadar elektr energiyasi va gaz o‘z tannarxidan past bo‘lgan narxda yetkazib berilar edi. Davlat monopoliyasiga asoslangan bu tizim shu paytgacha davlat byudjetidan milliardlab subsidiya olishga o‘rganib qolgan. Oddiy aholi esa ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr va gaz iste’moli uchun, ham soliqlar orqali subsidiya uchun energetiklarga pul to‘lab kelgan.
Masalan, 2021 yilni “O‘ztransgaz” 2,5 trln so‘m, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” 2,1 trln so‘m zarar bilan yakunlagan edi. 2022 yilda yolg‘iz “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ning zarar miqdori 4,34 trln so‘mga yetgan. Bu zararlar qayerdan qoplanadi? – Albatta, siz va bizning soliqlarimiz hisobiga to‘ladigan davlat byudjetidan. Energetika vazirligi bu holatni elektr va gazning aholiga o‘z tannarxidan past qiymatda yetkazib berilayotgani bilan izohlagan edi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, 200 kVt soat elektr energiyasi ishlatadigan xonadon 101 ming so‘m subsidiyadan foydalangan bo‘lsa, 2000 kVt soatlik elektrdan foydalanganlar 1 mln 10 ming so‘m subsidiya olgan. Endi, katta zavod va fabrikalarga egalik qiluvchi oligarxlarning qancha subsidiya bilan ta’minlanganini tasavvur qilib ko‘ravering. Yangilangan tariflar bo‘yicha esa kichik iste’molchilar kamroq, katta iste’molchilar ko‘proq to‘laydi. Narxlarni erkinlashtirish yaxshi qadam, lekin bunday yuqori narxlar qayerdan kelib chiqqan?
Narxlar oshirilishidan bir oy oldin iqtisodchi Otabek Bakirov bu haqda quyidagicha yozgan edi:
“Mazkur rejalarning qiziq va ayni bir paytda o‘ta xavotirli tarafi, kutilayotgan energetik islohotlarda tannarxga urg‘u berilayotgani. Chunki aynan shonli energetiklarimiz o‘zlarining samarasiz loyihalari va xatolarini doimiy ravishda tannarxni “shishirish” bilan oqlab-“ko‘k”lab keladilar…
Endi 7 yillik samarasizlikni tannarxni oshirishga yo‘naltirib, suvdan quruq chiqayotganlar energetika islohotini amalga oshiruvchilarga aylanmoqda. Islohotlar boshlanmasdan turib obro‘sizlantirilishi uchun bundan ortiq yana nima kerak? Biz nima uchun, ularning qaysi ko‘rsatgan karomatiga 7 yildan beri o‘zgarmay qolayotgan energetiklar jamoasiga yana ishonishimiz kerak? Energetiklar qo‘liga topshiriladigan energetika islohoti bu faqat narxlarning ular istagan darajagacha oshirilishi bilan yakun topadi, xolos. Bozorga bir qadam ham qo‘yilmaydi, bir manbaga ularning sig‘ingan oq xo‘jalariga qaramlik ortaveradi, diversifikatsiya bo‘lmaydi. Og‘ir ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlar yaratayotgan energetik krizis esa davom etaveradi”.
Darhaqiqat, 1 maydan tariflar o‘zgardi va unda energetik resurslar tannarxi asos qilib olindi. Iqtisodchi Bakirov esa yana 2 yil ichida gaz tannarxi 42,9 foizga, elektr energiyasi tannarxi 25 foizga shishirilganiga e’tibor qaratdi.
“Masalan, qanday qilib O‘zbekistonning 60 foizdan ko‘p gazini beradigan “O‘zbekneftgaz” 600 so‘mdan sotayotgan gazning tannarxi 2000 so‘mga chiqib qolishi mumkin? Hisob-kitobga qulay bo‘lishi uchun UzGastrade (tabiiy gaz sotish va sotib olish bo‘yicha yagona operator)dan keyingi boshqa xarajatlarni istisno qilib tursak, shimoldagilar va oligarxiya nazoratidagi kompaniyalardan gaz 4000 so‘mgacha narxda sotib olinayotgan bo‘lib chiqadi. Yevropadayam yo‘q-ku bunaqa narx?” deb yozgan edi Bakirov.
Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra:
- 2022 yilning may oyida 1 kVt soat elektr energiyasi tannarxi 800 so‘m, 1 kub metr gaz tannarxi 1400 so‘m bo‘lgan;
- 2023 yilning sentyabr oyida esa 1 kVt soat elektr energiyasi tannarxi 970 so‘m, 1 kub metr gaz tannarxi 1890 so‘m;
- 2024 yilning aprel oyida 1 kVt soat elektr energiyasi tannarxi 1000 so‘m, 1 kub metr gaz tannarxi qariyb 2000 so‘mga yetgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yildan boshlab har yili elektr energiyasi tannarxini pasaytirish bo‘yicha energetiklarga topshiriq berib keladi. 2024 yilning yanvar oyida esa prezident iqtisodiyotda tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishini aytgan edi.
Energetika vazirligi tannarxni pasaytirish u yoqda tursin, tannarxlarning nega bu qadar ko‘tarilib ketgani bo‘yicha hech qanday ma’lumot bermaydi. Anomal sovuq vaqtida aholini gaz va “svet”siz qoldirgani, elektrni uzluksiz yetkazib berish va’dasini bajarmagani, chekka hududlarni hali-hamon gaz bilan ta’minlamagani uchun xalqdan uzr so‘rashni o‘ziga munosib ko‘rmagan vazirlikdan hisobot so‘rash ham, aslida, noo‘rin.
“Gaz-svet narxini oshirish xato ekanini anglash uchun bor-yo‘g‘i 6 oy kerak bo‘ladi”
Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulov QALAMPIR.UZ’ga energetik resurslar narxlarini oshirish xato qaror bo‘lganini aytib, hukumat qanday risk oldida turgani haqida gapirib berdi:
“Elektr va gaz narxining oshishi boshqa tarmoqlarda ham narxlarning ko‘tarilishiga olib keladi. Bundan tashqari, aholiga kompensatsiya berilyapti, bu esa davlat byudjeti xarajatlarini oshiradi. Mazkur islohot yuqori samara bermasligi avvaldan ma’lum. Hozir inflyatsiyaga qarshi kurash ketayotgan, inflyatsion bosim kuchli bo‘layotgan bir paytda yoqilg‘i energetikaning narxini oshirmasligimiz kerak edi. Narx ko‘tarilgani bilan energetikadagi muammolar yechilmaydi, inflyatsiya oshgani qoladi. Agar hukumat kompensatsiya mexanizmini ishlatmoqchi bo‘lsa, kompleks tarzda, uzoq muddatli, bir-biriga bog‘liq bo‘lgan tadbirlar o‘tkazishi zarur edi. Masalan qanday? Ishlab chiqaruvchilarning o‘ziga subsidiya berish, bir tomondan esa, aholining daromadini oshirib borish siyosatini qo‘llash kerak. Bu ish kompleks tarzda amalga oshirilmasa, natija bermaydi. Narxni ko‘tarishning salbiy samarasini ko‘rish uchun bizga 6 oy yetadi. 6 oy o‘tmasdan, bu qaror xato ekanini tushunib yetamiz”.
Aholining munosabati
Gaz va “svet” narxi oshirilishi haqida xabar berilganidan buyon ijtimoiy tarmoqlar bu haqdagi muhokamalar va noroziliklarga to‘ldi. Instagram, Youtube, Facebook, X (Twitter) qaysi tarmoqqa kirmang, qanday kontent tomosha qilmang, albatta, energotariflar oshirilishidan norozi bo‘lib yozilgan izohga ko‘zingiz tushadi.
QALAMPIR.UZ ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida foydalanuvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda qatnashganlarning hammasi gaz va “svet” narxi oshirilishiga noroziligini bildirdi.
“Hamma resurslar o‘zimizda bor bo‘lsa, qayerdan shuncha narx-navolar?”, deb yozgan so‘rovnoma qatnashchilaridan biri.
“Kommunal to‘lovlar narxi 40-60 foiz ko‘tariladi, lekin oyliklar 10 foiz (2023 yilda 7 foiz) oshiriladi, xolos. Qani adolat?”, deb so‘ragan yana bir respondent.
Ishtirokchilar orasida ko‘pchilik narxlar oshirilgani haqida gapirishni befoyda, deb hisoblaydi.
Energetik tarmoqni xususiylashtirish
“O‘zbekcha xususiylashtirish” degan atamani eshitganmisiz? Bilmasangiz, bilib oling: biron olg‘ir xaridor kelib, hukumatga taklif kiritadi va “qarovga muhtoj bo‘lgan” biron joyni ilib ketadi yoki, aksincha, hukumat qaysidir tadbirkorga qaysidir ob’ektdan foydalanishni taklif qiladi, xaridor bilan kelishuvga erishadi va ko‘z ochib yumguncha xalq “bizniki” deb turgan joy xususiylashgan bo‘ladi. Har ikki holatda ham davlat mulki qanchaga sotilgani, qanday shartlar bilan berilgani aytilmaydi. Bu yurtga tenderlar begona (Bemorlarni zarur dorilar bilan ta’minlashga kelganda, albatta, tender o‘tkaziladi, bu haqda keyinroq QALAMPIR.UZ’da).
Energetika vazirligi ham energetikani o‘zbekchasiga xususiylashtirmoqchi. Monopol “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalidagi 51 foiz ulushi sotilishi rejalashtirilmoqda. "Issiqlik elektr stansiyalari" O‘zbekistondagi deyarli barcha IESning egasi hisoblanadi. Hukumat nega har bir IESni alohida-alohida sotuvga chiqarish o‘rniga monopol kompaniyaning 51 foizlik ulushini sotmoqchi? Davlat monopoliyasi xususiy monopoliyaga aylantiriladimi, bunisi hali noma’lum.
“Gaz va “svet” narxi bozor mexanizmlarini joriy qilish, energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarga yordam berish uchun amalga oshirildi, lekin men bunda bozor mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlovchi hech qanday chorani ko‘rmayapman. Faqat narxlarni oshirib qo‘yish islohot emas. Energiya narxinini oshirib, boshqa korxona va kichik tadbirkorlik sub’ektlarini og‘ir ahvolga solib qo‘yamiz. Bundan tashqari, endilikda elektr toki o‘g‘rilari ko‘payadi. Tok o‘g‘irlashning eng keng tarqalgan usuli hammaga ma’lum: mas’ullar bilan kelishgan holda elektr toki o‘g‘irlanadi va mas’ullar “elektr uzatish davomida yo‘qotishlar ko‘p bo‘ldi” deb yozib qo‘yadi. Elektr tokining 1 foizi yo‘qotilgan taqdirda ham bu milliardlab zarar degani”, deydi To‘lqin Boboqulov.
Va’dasida turmagan energetiklar
Mustaqil O‘zbekistonda tug‘ilgan avlod borki, energetiklarning falon yildan boshlab “svet” o‘chmaydi, degan va’dalarini eshitib ulg‘aygan bo‘lsa kerak. Kamiga Senat raisining “svet” o‘chishi tarixga aylandi”, degan gapi ularga yanada kuch berdi. Qishloqlar aholisi esa, balki ovuliga qachondir gaz kelishiga ishonmay ham qo‘ygandir. Vaholanki, energetikani rivojlantirish, “yashil” energetikaga o‘tish uchun davlat byudjetidan milliardlab pul o‘zlashtiriladi, xorijdan millionlab dollar kredit, investitsiya jalb qilinadi. (Shuncha pullar qayoqqa ketyapti?)
Masalan, O‘zbekistonda 2019-2022 yillarda issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xorijiy investorlar bilan jami 6 milliard 919 million dollarga teng 19 ta bitim imzolangan. 2023 yilda yashil energetikani yanada rivojlantirish maqsadidagi bitimlar miqdori 9 milliard dollardan oshgan. Mana, oradan 5 yil o‘tdi, loyihalarning qaysi biri amalga oshirilib, qaysi bir elektrostansiya ishga tushirildi? SSRdan qolgan, havoni zo‘r berib zaharlayotgan issiqlik elektrostansiyalari hali-hanuz O‘zbekistonni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
2023 yilning sentyabr oyida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov QALAMPIR.UZ’ga davlat iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlay olsagina, uning narxi tannarxidan oshirilishini aytgan edi.
“Aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflarni belgilashdan oldin biz, eng avvalo, uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishni ta’minlashimiz kerak. Ya’ni narx oshsayu, lekin yana elektrda uzilish bo‘laversa, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Shu sababli biz hozirda generatsiyalarni oshirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlarini jadallashtiryapmiz", degan edi Mirzamahmudov.
Aholi barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanmadi, ammo narxlar oshirildi. Shu yilning aprel oyida Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev uzluksiz elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish muddatini yana 3-4 yil keyinga surdi.
“Oldimizda yana kamida 3-4 yillik ish turibdi. 3-4 yildan keyin – 2027-2030 yillargacha nasib qilsa elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishda hech qanday muammolar bo‘lmaydi deb va’da bera olamiz”, deydi u.
Ilg‘or mamlakatlar Oydagi hududlarni bo‘lib olayotgan bir paytda O‘zbekiston qishga tayyorgarlik ko‘rish-u, qishdan talafotsiz chiqib olish dardida. Uzoq kutilgan energetika islohoti ham aholining hafsalasini pir qilib ulgurdi. Raqobatga kirisha oladigan, aholi bilan savdolashadigan, o‘zbekistonliklarga tanlov imkoniyatini beradigan energetik kompaniyalar esa faqat orzuligicha qolib ketyapti. Oyga esa hali ancha borga o‘xshaydi!