Garvard universiteti Tramp ma’muriyatini sudga berdi
Olam
−
22 aprel 2802 2 daqiqa
Garvard universiteti AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ustidan sudga murojaat qilib, universitetga ajratilgan davlat mablag‘larini muzlatish haqidagi qarorni bekor qilishni talab qildi. Bu haqda universitet rektori Alan Garberning kecha, 21 aprel kuni Garvard rasmiy saytida chop etilgan bayonotida so‘z boradi.
Garberning aytishicha, universitet federal hukumatning “noqonuniy talablarini” bajarishdan bosh tortganidan keyin javob choralariga duch kelgan. Xususan, Tramp ma’muriyati 2,2 milliard dollarni muzlatib qo‘yishga qaror qilgan va yana bir milliard dollarni to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Bundan tashqari, rektorning ta’kidlashicha, Garvardni soliq imtiyozlaridan mahrum qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu universitetning ta’lim, ilmiy va tibbiy faoliyati uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Garberning aytishicha, moliyalashtirishni muzlatish noqonuniy va hukumat vakolatidan tashqarida, shu sababli universitet sudga murojaat qilishga qaror qilgan. U, shuningdek, ma’muriyatni akademik avtonomiyaga aralashishga urinishda aybladi.
“Bugun biz Amerika oliy ta’limini dunyo uchun etalonga aylantirgan qadriyatlarni himoya qilamiz”, dedi u.
Da’vo arizasida aytilishicha, “hukumat federal moliyalashtirishni ushlab qolish tahdididan Garvard universitetini hukumatning mafkuraviy imtiyozlariga moslashishga majburlagan”.
Tramp va Garvard orasidagi qarama-qarshilik
Avvalroq, Tramp ma’muriyati talabalarning Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi norozilik namoyishlarida ishtirok etishini bahona qilib, bir qator universitetlar, jumladan Garvard universitetiga federal moliyalashtirishni muzlatish bilan tahdid qilgan edi. Rasmiylar, shuningdek, fuqarolik huquqlari to‘g‘risidagi qonunlarga rioya qilishlarini ta’minlash uchun Garvardga turli tashkilotlar tomonidan ajratilgan 8,7 milliard dollardan ortiq grantlarni tekshirayotganini aytdi.
Bunga javoban Garvard universiteti Trampning universitetni “isloh qilish” talablarini bajarmasligini bildirdi. Garvard professorlari federal jamg‘armalar bo‘yicha tergovga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi.
Tramp ma’muriyati, o‘z navbatida, 2,2 milliard dollarlik federal mablag‘lar to‘xtatilishi va 60 million dollarlik shartnomaning to‘xtatilishini e’lon qildi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning aytishicha, muzlatish antisemitizm qonunlariga rioya qilishni ta’minlash uchun qilingan. AQSH Soliq xizmati, shuningdek, Garvard universiteti uchun soliq imtiyozlarini bekor qilishni ko‘rib chiqayotganini aytdi.
Live
Barchasi