“Garri Potter”dagi Xagrid roli ijrochisi Robbi Koltreyn vafot etdi

Madaniyat-san’at

image

Kecha, 14 oktyabr kuni britaniyalik aktyor Robbi Koltreyn Shotlandiyaning Folkerk shahri yaqinidagi shifoxonada, 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

Koltreyn tomoshabinlarga “Garri Potter” serialidagi “Xogvarts” sehrgarlik maktabining o‘qituvchisi, Potterning asosiy qo‘riqchisi va o‘rmonchi Rubeus Xagrid roli bilan yaxshi tanish.

Shotlandiya birinchi vaziri Nikola Sterjen Koltreynning o‘limini “juda qayg‘uli xabar” deb atadi.

“Juda achinarli xabar. U komediyadan tortib qattiq dramaga qadar juda katta diapazonga ega aktyor edi. Uning barcha rollari ichida men uchun eng sevimlisi “Cracker” filmidagi Fits obrazi edi. U o‘z yo‘nalishida Shotlandiya afsonasi”, deydi u.

Aktyorning vafotiga aynan nima sabab bo‘lgani aytilmagan bo‘lsa-da, u so‘ngi yillarda osteoartrit kasalligi bilan kurashgan, (oyoq bo‘g‘imining yallig‘lanishi – taxr). U tizzasidagi davomiy og‘riqlar sabab qo‘ltiq tayoq va nogironlar aravachasida harakatlanishga majbur bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, Robbi Koltreyn 1950 yilning 30 mart kuni Shotlandiyaning Saut-Lanarkshir shahrida tug‘ilgan. Uning Spenser ismli o‘g‘li va Elis ismli qizi bor. U “Garri Potter”dan tashqari Britaniyaning “Cracker” detektiv serialida jinoiy psixolog va Jeyms Bond haqidagi ikki filmda rossiyalik mafioz, sobiq KGB agenti Valentin Jukovskiy rollarini ijro etgan. Aktyor 2006 yilda dramaturgiyadagi xizmatlari uchun “Britaniya imperiyasi ordeni” bilan taqdirlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Garri Potter

Baholaganlar

140

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing