G‘arbda Kiyevda havo hujumidan mudofaa raketalari tugayotgani ma’lum qilindi
Olam
−
29 noyabr 2022
5500Ukraina infratuzilmasiga berilgan ommaviy zarbalar Kiyevda havo hujumidan mudofaa raketalari tugashiga olib kelgani ma’lum qilindi. Bu haqda avstriyalik ekspert Gerxard Mangott Deutschlandfunk nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Rossiya Ukraina havo hujumidan mudofaa zaxiralarini tugatish uchun infratuzilmaga juda ko‘p qanotli va ballistik raketalarni uchirmoqda. Ukraina faqat bitta nishonni yo‘q qilish uchun ko‘plab raketalardan foydalanadi. Shuning uchun uning “to‘xtatuvchilari” tugaydi”, deydi u.
Mutaxassis G‘arb davlatlarini bu masalada beparvolik va sustkashlikda aybladi.
“G‘arb Ukraina mudofaasining ushbu komponentini qanday qilib tezroq va yaxshiroq mustahkamlash haqida oldindan o‘ylab ko‘rishi kerak”, deb qo‘shimcha qilgan Gerxard Mangott.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya harbiy kuchlari joriy yilning 10 oktyabr kuni Qrim ko‘prigida sodir etilgan teraktdan ikki kun o‘tib, Ukraina infratuzilmasiga raketa zarbalarini berishni boshladi. Ukraina hududlarida havo reydlari har kuni, ko‘pincha butun mamlakat bo‘ylab e’lon qilinadi.
Joriy yilning 23 noyabr kuni esa yana bir katta zarba amalga oshirildi. Kiyevda ular barcha atom elektr stansiyalari, issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektr stansiyalarining aksariyati quvvatsizlangani, aholining katta qismi elektr energiyasisiz qolganini aytishdi.
Avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bir qator davlatlar Ukrainaga qurol sotishdan bosh tortgani haqida gapirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular siyosiy sabablarga ko‘ra bunday qarorga kelmoqda.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi