G‘arb yordam bermasa, Ukrainada “B” reja yo‘q – Kuleba

Olam

image

G‘arb Kiyevni qurol bilan ta’minlashni to‘xtatgan taqdirda, Ukrainada "B" reja yo‘q. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba CNN telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Telekanal muxbiri, agar G‘arb Kiyevni boshqa qurol bilan ta’minlamasa, Ukraina qurol yetishmasligini qanday qoplashi haqida so‘radi.

“Bizda "B" reja yo‘q. Biz “A” variantga ishonamiz. NATO Bosh kotibi aytganidek, Ukrainaga berilayotgan yordam xayriya emas. Bu NATOni himoya qilish va Amerika xalqining farovonligini ta’minlash uchun kiritilgan sarmoyadir”, deya ta’kidlaydi Dmitriy Kuleba.

Shu bilan birga, TIV rahbari Rossiya Ukrainada nazariy jihatdan g‘alaba qozonsa, kelajakdagi ssenariy qanday bo‘lishi mumkinligini aytdi. 

“Bu holatda boshqa davlat rahbarlari tajovuzkor mamlakat yo‘lidan borishni xohlashlari mumkin. Va bu AQSHdan sezilarli darajada yuqori tovon to‘lashni talab qiladi. O‘zining tashqi siyosatidagi hisob-kitoblarida Putin Ukrainada muvaffaqiyatga erisha olishiga ishonsa, NATO davlatiga hujum qilishga jur’at etmaydi, deb ishonganlar katta xatoga yo‘l qo‘yadi va ular o‘z ish joyini o‘zgartirishi kerak”, degan Ukraina Tashqi ishlar vaziri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi xarajatdan qat’iy nazar, agar Ukraina bugun yordam olmasa, ertaga to‘lovlar qiymati ancha oshadi. 

“Darhaqiqat, shuning uchun ham davlatimiz “A” rejasiga ishonadi, uning ustida ishlamoqda va biz uni amalga oshiramiz. E’tibor bering! AQSH Kongressi 2023 yil oxirigacha Ukraina uchun qo‘shimcha mablag‘ ajrata olmadi. Bu Oq uyning yangi harbiy yordam paketlarini e’lon qila olmasligiga sabab bo‘ldi. Yevropa Ittifoqida ham muzokaralar davom etmoqda. Ular Kiyevga 50 milliard yevro – davlatimizni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘rt yillik jamg‘armaga o‘tkazishni ma’qullash masalasini muhokama qilmoqda”, deydi Kuleba.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi koordinatori Jon Kirbining ma’lum qilishicha, Kongress qo‘shimcha mablag‘ ajratish haqidagi so‘rovni ma’qullamaguncha, Ukraina Qo‘shma Shtatlardan ko‘proq qurol olmaydi.

“Ular to‘xtashga majbur bo‘lishadi. Prezident biz to‘ldirish vakolatiga ega bo‘lgan oxirgi xavfsizlik yordam paketini imzoladi. Bu hammasi. Ukrainaga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish uchun bizga yangi qonunlar kerak”, deb ta’kidlaydi Kirbi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurol-yarog‘ yetkazib berish haqida e’lon qilish va yetkazib berish o‘rtasida ma’lum bir kechikish bor. Bu “bir necha kun yoki hafta” davom etadi. Binobarin, eng so‘nggi e’lon qilingan harbiy paket yaqin haftalarda Ukrainaga yetib borishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, AQSH harbiy yordamining so‘nggi paketi 27 dekabr kuni e’lon qilingan edi. Uning umumiy miqdori 250 million dollarni tashkil etdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Kiev G'arb Dmitriy Kuleba

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing