G‘arb Markaziy Osiyoga ta’sir ko‘rsatmoqchi – Patrushev
Olam
−
08 noyabr 2023
6516G‘arb Markaziy Osiyo mamlakatlarini Rossiyadan ajratish uchun ularga ta’sir ko‘rsatmoqchi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bugun, 8 noyabr kuni Moskvada o‘tayotgan MDHdagi mavqedoshlari bilan uchrashuvda so‘z ochgan.
“Geosiyosiy landshaftdagi o‘zgarishlar Markaziy Osiyoga ham ta’sir qildi. Bu yerda gap nafaqat siyosiy bosim va G‘arbning iqtisodiy shantaji, jumladan, ikkilamchi sanksiyalar tahdidi haqida ketmoqda”, deydi u.
Patrushevning so‘zlariga ko‘ra, anglo-sakslarning maqsadi milliy elita va aholining keng qatlamiga samarali ta’sir qilish vositalarini yaratish, shuningdek, muayyan mintaqalarda vaziyatni beqarorlashtirish uchun sharoit yaratishdir.
“Bizning raqiblarimiz Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga, iqtisodiy salohiyatning birlashishiga, ko‘p qutbli dunyoning yangi qutbi shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslikka intilmoqda”, deydi Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi.
Ma’lumot uchun, bugun, 8 noyabr kuni MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik kengashlari kotiblari o‘zining yillik yig‘ilishi uchun Moskvaga to‘plandi. Tadbirda Rossiya tomonidan Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda MDH makonida mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning dolzarb muammolari, shuningdek, xavfsizlik sohasida mamlakatlarning ikki va ko‘p tomonlama formatdagi amaliy hamkorligi masalalari muhokama qilinadi.
Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashi kotiblarining yillik yig‘ilishi 11-marotaba o‘tkazilmoqda. Avvalgisi 2022 yilning noyabrida Moskvada bo‘lib o‘tgan.
LiveBarchasi