G‘arb bizga sanksiya qo‘llashiga sabab ko‘rmayapmiz – Qozog‘iston
Olam
−
20 iyul 2023
4111Qozog‘iston hukumati Rossiya bilan savdo-sotiq fonida G‘arb davlatlari tomonidan ikkilamchi sanksiyalar joriy etish uchun zarur shart-sharoitlarni ko‘rmayapti. Bu haqda bugun, 20 iyul kuni respublika Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almas Aydarov ma’lum qildi.
“Yo‘q, bu so‘nggi sanksiyalar paketiga kiritilmagan. Biz Qozog‘iston bu xavf zonasiga tushib qolmasligi uchun dastlabki ishlarni amalga oshirdik. Biz mutlaqo ochiqmiz va hamkorlik qilishga tayyormiz”, deya javob bergan u respublikaga qarshi sanksiyalarni qo‘llashning zaruriy shartlari to‘g‘risidagi savolga.
Aydarovning tushuntirishicha, Qozog‘iston tomoni Rossiyaga qarshi sanksiyalar rejimiga rioya qilish masalasida G‘arbdagi sheriklari bilan faol hamkorlik qilmoqda.
“Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va AQSHdan maxsus tayinlangan sanksiya xodimlari keldi. Ular Qozog‘istonda Rossiyaga tovarlar yetkazib berishda sanksiyalar rejimini buzmaslik uchun qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha seminarlar o‘tkazidi. Biz oxirgi sanksiyalar paketida Qozog‘istonga tahdid ko‘rmayapmiz”, deya qo‘shimcha qilgan Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 iyul kuni “The Washington Post” gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Qo‘shma Shtatlar Qirg‘izistonning bir necha kompaniyalari va jismoniy shaxslarini Rossiya Federatsiyasiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni buzganliklari sababli “qora ro‘yxat”ga kiritishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi. Shundan so‘ng Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi respublika rasmiylari va davlat kompaniyalari AQSH va boshqa bir qator G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni buzmaganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi